Ibratli voqea: Shukur va sabr mukofoti

Manbalar dalolat etishicha, Saodat asrida Madinada Hifa xotun ismli oqila va zebo ayol yashagan va dinu diyonati, aqlu farosati bilan shahar ahlining e’tiboriga tushgan ekan. Ayollar uni ko‘p ma’nida timsol bilar ekan. O‘g‘li, aka-ukasi, qarindosh-urug‘lari xulqu odobidan mamnun bo‘lib, boshlariga ko‘tarishar ekan.

Hifa xotunning dong‘i uzoq-uzoqlargacha ketgan, bevaligi sababidan juftlikka talabgorlari behisob ekan. Ne bir hokimlar, tujjorlar, vazirlar, sultonlar ular jumlasidan ekan. Hatto Najjoshiy ham umidvor esa-da, barchasiga rad javobini bergan ekan. Maqsudi faqat va faqat Allohning rizosini topish ekan...

U kunlardan bir kuni Payg‘ambar alayhissalomning huzuriga chiqib:

- Ey Allohning Rasuli, meni jannatga kiritadigan bir narsa o‘rgating, - deya iltijo qilibdi.

 Ko‘nglida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan “Kunduzlari ro‘za tut, kechalari ibodat qil”, degan nasihatlarini kutgan ekan. Ammo Sarvari koinotimiz:

- Avvalo nikohlan. Bu ishing bilan diningning yarmini amniyatga olgan bo‘lasan, - debdilar.

 Hifa Payg‘ambar alayhissalomning amr - tavsiyasiga jonu dili bilan bo‘yin egibdi va:

- Siz kimni munosib ko‘rsangiz, roziman, - debdi.

Ayonki, u oddiy ayollardan emas edi, nikohiga olajak er ham xos va mos bo‘lmog‘i darkor edi. Shu sababdan Payg‘ambar alayhissalom odatlaricha bu ishni Alloh rizoligiga havola etibdilar va:

- Ertaga tongda masjidga birinchi bo‘lib kirib kelgan kishini tavsiya etaman, - debdilar.

Taklif barchaga ma’qul bo‘libdi. Talabgorlar erta turish chorasini rejalab, tadbirga kirishibdi.

Bu xabarni hazrati Suhayb eshitsa-da, nikohlanishni hatto xayoliga ham keltirmaydi. Chunki u faqir va kimsasiz bir kishi edi. Uyi-joyi yo‘q, qorni to‘yganda to‘yib, to‘ymaganda och edi. Bo‘yi baland va shu qadar ozg‘in ediki, qattiqroq shamol essa, oyoqlari yerdan uzulgidek bo‘lardi.

Yaratganning marhamati keng. Taqdirda bori nasib etadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har vaqtdagidek, tong yorishmasdan masjidga kelib, katta qiziqish bilan tolei baland ummatini kuta boshlaydilar. Ammo, o‘sha kecha talabgor xaridorlarning barchasi qattiq uyquga duchor bo‘lib, qotib uxlab qolishgan edi. Nihoyat masjid eshigidan osoyishtagina sharpa ko‘rinadi va lahza o‘tar-o‘tmas Suhayb roziyallohu anhu ichkariga kirib keladi.

Alalxusus, Payg‘ambar alayhissalom namozdan so‘ng Hifa xotunni chaqirib unga shart natijasini ma’lum qiladilar. Hifa xotun katta mamnuniyat ila roziligini bildiradi.

Janobi Rasululloh go‘zal xutba o‘qib, nikoh aqidalarini qiladilar. So‘ngra omadli sahobaga yuzlanadilar:

- Ey Suhayb, ayolingga bir hadya sovg‘a qil, keyin qo‘llaridan tutib uyingga olib ket, - deydilar.

Suhayb bu gaplarni eshitib, g‘amgin qiyofada:

- Xo‘p bo‘ladi, ammo mening na bir dirham kumushim va na boradigan uyim bor, - deydi.

 Hifa xotun hushyor va oqila edi. Unga o‘zgalarga sezdirmasdan ichida o‘n ming dirham kumushi bor chiroyli hamyon uzatadi va:

- Falon yerdagi hovli-joyimni sizga hadya qildim, - deydi.

Olamlar sarvari bundan juda ham xursand bo‘ldilar va ularning haqqiga xayrli duolar qildilar.

Suhayb o‘sha kuni Madina ko‘chalarida aylanib yurib kunni kech qildi va kech tushganda yangi uyiga uyalib, tortinib kirib keldi. O‘zi uchun tayyorlangan to‘kin dasturxondan tortina-tortina bitta yoki ikkita xurmo olib og‘ziga soladi. So‘ngra:

- Ey Hifa, bilaman, sen men uchun qo‘l yetmas bir ne’matsan. Men esa sen uchun faqat bir mehnatman. Allohdan men shukr, sen sabr so‘rab, shu kechani toat-ibodat bilan o‘tkazsak. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannatda baland bir bo‘ston bor, u yerda shukr etganlar o‘tiradi”, dedilar, - deydi va ular kechani aytilganidek ibodat bilan o‘tkazadilar.

Sajdagohlarini ko‘z yoshlari ho‘l qildi, qalblarini zikrulloh nurga to‘ldirdi. Jabroil alayhissalom bo‘lgan voqealarni Payg‘ambar alayhissalomga so‘zlab beradilar va ularni Alloh taolo jannati va jamoliga yetishtirishining xabarini yetkazdi. Ertasi tongda, namozdan keyin Payg‘ambar alayhissalom Suhaybning yoniga o‘tirdilar va unga:

- Ey Suhayb, kechagi holingni sen gapirib berasanmi, men gapirib berayinmi? - deydilar.

Suhayb ko‘zlari bilan yerga qarab, andisha ichida zaif ovozda:

- Alloh va Uning Rasuli bilguvchidir, - deydi.

Payg‘ambarimiz:

- Naqadar baxtlisizki, ikkingiz ham jannati bo‘ldingiz va Alloh taoloning jamolini ko‘rajaksiz! - deylar.

 Bu xabarni eshitgan Suhayb darhol boshini sajdaga qo‘yib:

- Yo Rabbim! Meni mag‘firat etding, endi gunoh ishlar qilib qo‘ymasimdan jonimni ol! - deya niyozda bo‘libdi.

Alloh taolo bu otashin duoni qabul etib, Suhayb sajdada turgan holida jon beribdi. Masjidda o‘tirganlar yig‘lamoqni boshlabdilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

- Sizlarga yanada hayratlanarli xabarni aytaymi? Shu onda Hifa xotun ham ruhini Haqqa topshirdi, - debdilar.

Namozlari, yuzlarini yuvgan ko‘zyoshlarining hurmatidan ularning maqomi baland bo‘libdi. Sahobalar izzatlab ikkisini yonma-yon dafn qilibdilar. Bosh taraflariga bir kichik taxta qo‘yib, taxtachaning bir tarafiga “Shukr qiluvchi Suhayb”, ikkinchi tarafiga esa“Sabr qiluvchi Hifa” deb yozib qo‘yibdilar...

 Suyundik Mustafo NUROTOIY.