Ibratli voqea: Vafot etgan ota-onasiga hadyalar jo‘natib turgan suvchi
Rivoyat qilishlaricha, bir shaharda suvchi yashagan ekan. Toat-ibodati, odobu axloqi bilan odamlar orasida nom chiqargan bu odam har payshanba kechasi topgan pullaridan vafot etgan ota-onasining ruhlariga sadaqa qilib turar ekan.
Shu bilan birga har namozida ularning ruhlariga duoi xayrlar qilishni ham kanda qilmas ekan. Bu vazifalarini hech qachon buzmaslikka ahd beribdi.
Bu ishidan ham o‘zi, ham ota-onasining ruhlari shod bo‘lganidan mamnun yurgan suvchi bir kuni noqulay ahvolga tushib qolibdi. Kunlardan bir kun har qancha harakat qilsa ham hech ishi yurishmabdi, juma kechasiga kelib, sadaqa qilish uchun biror tiyini qolmabdi. Natijada chuqur g‘amga botib, Allohga ich-ichidan niyozda bo‘libdi. Va’da bergan nazrini nima bo‘lishini, uni qanday ado etishni bilish uchun olimning yoniga boribdi.
- Men har payshanba kechasi topgan pullarimdan vafot etib ketgan ota-onamning ruhlariga hadyalar jo‘natib turishga nazr qilgan edim. Bu safarga kelib men pul topa olmadim. Endi bu ahdimni ado qilish uchun nima qilsam durust bo‘ladi, - deb so‘rabdi olimdan.
- Ko‘p qayg‘urma, bolam. Niyating xayrli ekan, Alloh ham senga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi, inshoalloh, - debdi. Keyin yigitga qarab. - Hozir pishiqchilik payti. Ko‘cha-ko‘ydagi qovun, tarvuzlarning po‘choqlarini yig‘ib, ot va eshaklarga, mol-qo‘ylarga olib borib bergin.
Yigit olimning dargohidan ko‘ngli taskin topgandek, biroq bu ishining ota-onasiga nima foydasi borligini umuman tushunmagan holda chiqib ketibdi. Lekin olimning aytganlarini qilishga qaror qilibdi. Kun kelib juma kechasi bo‘libdi. Kundalik ishlarini bajarib, toat-u ibodatlarini ado qilib, dam olish uchun yotibdi. O‘sha kecha tushiga ota-onasi kiribdi:
- Ey, o‘g‘lim! Har juma kechasi bizga hadyalar yuborib, ikromlar qilib turarding. Lekin anchadan buyon qovun-tarvuzlarni xohlab turgan edik. Alloh sendan rozi bo‘lsin! Bu kecha bizga qovun va tarvuz ikrom qildilar. Sen hayvonlarga qovun-tarvuzlarning po‘chog‘ini beribsan, Alloh bizga jannatining qovun va tarvuzlaridan ikrom qildi, - deb aytibdi.
«Birrul volidayn va huququhuma» kitobidan