Ichimlik suv haqida mish-mish va haqiqat

Suv biznesi har yili o‘z aylanma mablag‘ini 10 foizga ko‘paytirib bormoqda. 2020 yilga borib, qadoqlangan suv savdosi hajmi dunyo bo‘yicha 280 milliard dollardan oshishi kutilmoqda, deb yozadi «Mir novostey» (2019 y. 38-son) haftanomasi.

Plastik idishlardagi ichimlik suvni xarid qilish nafaqat yuksak madaniyat belgisi, balki sog‘liq uchun ham foydali hisoblanadi. Ammo qadoqlangan suv bizni ishontirishayotganidek haqiqatan ham «toza»mi?

Hammasi shunday boshlangandi

Ushbu biznes juda kamtarona boshlangan. 1760-yillarda Bostonda «Jacksos Spa» degan nom ostidagi kompaniya go‘yoki «terapevtik» foydalanish uchun shishalarga quyilgan mineral suv sotishni yo‘lga qo‘ydi. XX asrga qadar bu tijorat juda ko‘p mamlakatlarda xlorlangan vodoprovod suvi paydo bo‘lguncha muvaffaqiyatli rivojlandi. Deyarli har bir uyda bepul va toza ichimlik suvi oqa boshlagach, uni hech kim sotib olmay qo‘ydi. Ammo shifobaxsh buloqlardan chiqayotgan, salomatlik uchun foydali hisoblangan suvni bozorda paydo bo‘lishi qadoqlangan suv biznesining joniga oro kirdi. Odamlar oddiy vodoprovod suvidan bir necha ming marta qimmat qadoqlangan suvlarni ichayotganda bu krandan oqib yotgan suv ekanligini xayollariga ham keltirishmasdi.

1898 yilda fransuz vrachi Lui Pere mahalliy buloqlardan mineral suvlarni Yevropaning eng yaxshi restoranlari va mehmonxonalariga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Bu juda kamtarona bo‘lsa-da, istiqbolli biznes edi. Ammo 1946 yilda tadbirkor-tijoratchi Gustav Leven «suv» kompaniyasini sotib oldi va Perrier brendini yaratdi hamda bir necha yil ichida fransuz bozorining yarmini egallab oldi. 1970 yilga kelib Perrier Yevropada savdoda yetakchi bo‘ldi va muvaffaqiyat bilan Amerika savdo rastalariga chiqdi.

Suvdan «holva»

Bunday savdoning siri nimada? Hamma gap Gustav Levenning oddiy odamlar go‘lligidan foydalanishi va reklama siyosatini o‘ylab topganida edi. U Perrier – muvaffaqiyatga erishganlar uchun chinakam «obi zamzam» ekanligiga xaridorlarni ishontirdi. Bu esa natijasini uzoq kuttirmadi: AQShda faqatgina 1975 yildan 1978 yilgacha fransuz mineral suvini sotish 2,5 milliondan 75 million shishaga yetdi. Albatta, qadoqlangan ichimlik suviga asoslangan sog‘lom turmush tarzining urfga aylanishi ham bunda muhim rol o‘ynadi. Biroq shishadagi suvning vodoprovod suvi ustidan uzil-kesil g‘alabasi 1990 yillarga to‘g‘ri keldi.

Bu Pepsi-Cola, Coca-Cola va Nestle kabi ulkan industrial yuholar ushbu biznes bilan shug‘ullanishga kirishishi bilan ro‘y berdi.

Ko‘pchilikni suv biznesi nechog‘lik rentabelli ekanligi qiziqtirishi tabiiy. Lekin ishlab chiqaruvchilar buni oshkor qilishni istashmaydi. Biroq ekspertlarning ishontirishlaricha, qadoqlangan suv savdosi restoran biznesi bilan bemalol raqobatlasha oladi.

Qadoqlangan suv bugungi kunda shunchalik ommalashganki, aql bovar qilmaydi. Hatto, uning krandagi suvdan o‘rtacha 2000 marta qimmatligi ham hech kimni tashvishlantirmaydi. Ekspert baholari bo‘yicha hozirda jahonda har yili shishada 460 milliard litrdan ko‘p suv sotilyapti. Iste’molchi mamlakatlar o‘rtasida Xitoy va AQSh yetakchi hisoblanadi (tegishli ravishda yiliga 80 va 45 milliard litr).

Kimning tegirmoniga suv quyayapmiz?

Shishadagi suvning sog‘liq uchun vodoprovod suvidan hech ham foydali emasligini allaqachon anglaganmiz, ammo buni tan olgimiz kelmaydi. «Suv» bozorida istalgancha chiroyli idish va yorliqda qalbaki «obi zamzam»ni topish mumkin. Bu haqda tabiat resurslarini himoya qilish bo‘yicha Amerika Kengashi ma’ruzasi e’lon qilinganidan keyin ma’lum bo‘ldi. Unda aytilishicha, tadqiqotchilar to‘rt yil davomida 103 savdo markasidagi shisha suvlaridan minglab namuna olib tahlil qilishgan. Natija barchani hangu mang qilib qo‘ydi: har to‘rt holatda shishadagi suv hech qanaqa ishlov berilmagan oddiy suv bo‘lib chiqdi. Buning ustiga ichimlik suv qadoqlovchilarning yarmi o‘zlarining mahsuloti «qo‘shimcha tozalangan» oddiy vodoprovod suvi ekanligini tan olgan. 18 foiz ishlab chiqaruvchilar esa o‘zlarining «ma’danli suv» manbalari joylashgan joy haqida lom-mim deyishmaydi.

Yana qarangki, chanqog‘ini bosayotgan kishi qanaqa suv ichayotgani, ta’mi qanaqaligini his etishga qobil emas ekan. Amerika televideniyesi xodimlari Kaliforniyadagi nufuzli restoranlardan birida qiziq test o‘tkazdi. Xo‘randalarga bitta vodoprovod kranidan shishalarga quyilgan, ammo yorliqlari har xil firmalarniki bo‘lgan suvni taklif qilishdi. Suvlar go‘yoki fransuzlarning mashhur «Le dyu Robine», Ispaniyaning «Agua de Kulo» yoki Braziliyaning tropik o‘rmonlaridan olingan «tabiiy filtrlangan suvlar» edi. Buni qarangki, shishalardagi rang-barang yorliqlarga uchgan «sinovchilar» barchasidagi suv bir idishdan olinganiga qaramay, har kim o‘zi ichgan suv «mazali» ekanligi haqida bahslashib ketishdi. Bir shisha «brend» suv narxi esa yetti dollar edi.

T.ShOMURODOV tayyorladi.