Ichimlik suvi bilan ta’minlangan Nuroboddagi Yangihayot guzari aholisi viloyat hokimidan minnatdor
Nurobod tumanidagi Tim qishlog‘i, Arab ota mahallasi viloyat markazidan 130-140 kilometr uzoqlikda, cho‘l zonada joylashgan. Mahallada 7 ta guzar bo‘lib, shundan Yangihayot guzarida yashovchi aholi ichimlik suvidan qiynalib kelardi. Guzarda 190 xonadonda 790 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularga ichimlik suvi tashib keltiriladi, ya’ni bir mashina suvni aholi 50-60 ming so‘mga sotib olardi. Sotib olgan suvni har bir xonadon o‘zi qazib tayyorlagan maxsus hovuzda saqlardi. Qisqasi, bir mashina suv har bir xonadonga 15-20 kunga, oshib borsa bir oyga yetardi.
2019 yilning 24 noyabrida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Tim qishlog‘iga tashrif buyurganida, ushbu muammo aholi tomonidan ko‘tarildi. Shundan so‘ng o‘tgan davr mobaynida mahalliy mablag‘lar hisobidan qiymati 400 million so‘mlik ishlar bajarilib, 3 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, 1 ta artezian qudug‘i, 1 ta TP 63 transformatori o‘rnatildi. Natijada, guzar aholisi va maktab ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Yangihayot guzari aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlab bergan viloyat hokimiga cheksiz minnatdorchiligimizni izhor etamiz.
Nasriddin SAFAROV,
Nurobod tumanidagi 71-umumiy o‘rta
ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari.