Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish to‘xtatildi

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunlar qabul qilinishini ta’minlash, qonunosti normativ-huquqiy hujjatlarni qisqartirish, shuningdek, vazirliklar, davlat qo‘mitasi va idoralar tomonidan normativ huquqiy hujjatlarni qabul qilishni eng kam darajaga yetkazish va bu amaliyotni bosqichma-bosqich bekor qilish tashabbus qilingan edi.

Idoraviy qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish 2020 yil 1 iyuldan boshlab sinov tariqasida, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab esa to‘liq yagona elektron tizim orqali amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 2021 yil 1 yanvargacha idoraviy qonun hujjatlarini qabul qilish to‘xtatildi. Ushbu qoida O‘zbekiston Prezidentining «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida o‘z aksini topdi.

Hujjatga ko‘ra, 2020 yil 1 iyuldan boshlab xo‘jalik boshqaruvi organlari vakolatiga kiruvchi masalalar va korporativ munosabatlar qonunosti hujjatlarini qabul qilish yoki ma’muriy usullar orqali tartibga solinishi ta’qiqlandi.

Shuningdek, idoraviy qonun hujjatlariga jismoniy va yuridik shaxslar uchun qo‘shimcha to‘lov va yig‘imlarni belgilovchi, ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklashlarni nazarda tutuvchi, ularga asoslanmagan xarajatlar yuzaga kelishiga olib keluvchi, ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan huquqiy normalarni kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi, degan tartib belgilangan.

Bundan tashqari, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga huquqiy normalar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar vazirlikda majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi hamda ijobiy xulosa olingandan so‘ng hisobga olinadi va kuchga kiradi, deyildi farmonda.

2020 yil 1 iyuldan boshlab qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlashda quyidagilarni nazarda tutuvchi «paket» prinsipi joriy qilindi:

- yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda uni amalga oshirishga qaratilgan havolaki normalar yangi qonun bilan birga yoki qonunda belgilangan muddatda ishlab chiqiladi va kuchga kiradi;

- yangi qonun loyihasi bilan belgilanayotgan qoidalar ilgari qabul qilingan qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etganda, ilgari qabul qilingan qonunlarga o‘zgartirish kiritish yangi qonunni qabul qilish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi;

- vazirlik va idoralar o‘zlari tomonidan qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga bir xil masaladagi o‘zgartirish va qo‘shimchalarni bitta hujjat bilan kiritadi;

- Adliya vazirligiga Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestrida mavjud bo‘lgan hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi. Bunda ular aynan bir xil masalada va texnik ko‘rinishda bo‘lishi lozim.

Farmonga muvofiq, qonunchilikni tizimlashtirish va ortiqcha huquqiy tartibga solishni kamaytirish maqsadida 2020 yil 1 iyuldan 2021 yil 1 yanvargacha idoraviy qonun hujjatlarini qabul qilish to‘xtatildi. O‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi, shuningdek, unifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish bundan mustasno.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni bosqichma-bosqich kamaytirish va turli idoralarning norma ijodkorligi vakolatlarini cheklash belgilangan edi.

Bugungi kunga kelib, mazkur farmon bilan belgilangan normani 2021  yil 1 yanvargacha deb belgilangan muddat tugagach, yuqoridagi hujjatlar asosida butun bir amaliyotga o‘tkazishni taklif qilsak, ayni muddao. Sababi, ko‘p yillik ish tajribamiz hamda bugungi kun talabidan kelib chiqib aytish mumkinki, ortiqcha hujjatbozlik balosidan qutulgan bo‘lamiz.

Akbar AXTAMOV,

O‘zMTDP Samarqand viloyati kengashi raisi.