IIB xodimi bilan “kelishish” istagida bo‘lgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish yurtimizda izchil ravishda jadallashayotgan keng ko‘lamli islohotlar sharoitida fuqarolarning huquq va erkinlarini ishonchli muhofaza qilish muhim omillardan biriga aylanmoqda. Yurtimizda qonun hujjatlariga, davlat tashkilotlarining ish faoliyatiga ochiqlik, oshkoralikni ta’minlash nuqtai nazaridan o‘zgartirishlar kiritilib, tadbirkorlar, kichik biznes sub’yektlari va fuqarolarga yagona portal orqali davlat xizmatlari elektron shaklda taqdim etilayotgani ham bejiz emas. Bularning barchasi korrupsiya balosini bartaraf etishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolar bunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlayotgan bir paytda nobop, “muomala qilish”, “kelishish”ga moyil bo‘lgan fuqarolar afsuski, hamon uchramoqda.

Joriy yil aprel oyida otasiga tegishli “Damas” rusumli transport vositasini boshqarib ketayotgan Namanganlik N.N. IIO FMB YHXB inspektori N.Hashimov tomonidan to‘xtatiladi. Uning spirtli ichimlik ichib olganligini sezgan xodimlar haydovchini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishadi va avtomashina jarima maydoniga olib ketiladi.

N.N. bir necha marotaba IIO xodimi N.Hashimovning oldiga kelib, mashinani jarima maydonidan chiqarib berishini, agar shu ishda yordam bersa “rozi” qilishini aytadi. Uning fikri noto‘g‘ri ekani, har qanday huquqbuzarlik va jinoyat o‘z jazosini olishi lozimligini aytgan xodimga bir necha bor pul taklif qiladi.

N.Hashimov “men pora olmayman”, deya uning bu xatti-harakati jinoyat ekanligini tushuntiradi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlaridan nusxa keltirishini so‘raydi. N.N. hujjatlari nusxasini olib kelar ekan, yana harakatini davom ettirib, hujjatlarining orasiga 300 ming so‘m pulni solib, N.Hashimovning xonasida, ish stoli ustidagi kitob ichiga soladi. Ayni shu damda tadbir bo‘yicha fuqaro kiyimidagi huquqni muhofaza etuvchi idora xodimlari, xolislar bilan birgalikda kirib kelishadi va “pora berish operatsiyasi” fosh etiladi.

N.N. o‘z qilmishiga to‘la iqror bo‘lib, bu kabi noma’qulchilikka bundan buyon aslo qo‘l urmasligi, qaramog‘ida 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari hamda keksa ota-onasi borligini aytib, qonuniy yengillik berilishini so‘raydi. Sud tomonidan N.N.ga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Afsuski, olib borilayotgan targ‘ibot ishlariga qaramasdan, bu kabi qilmishlarning hali-hanuz uchrayotgani achinarli, albatta. Korrupsiyaning ko‘zga ko‘rinmas asoratlari bor. Zotan, jamiyat ichidagi korrupsiya illatidan qutulish uchun shu jamiyatdagi har bir shaxsning faol harakati muhim.

Akramjon ARIPOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi katta konsultanti.