IIB xodimi cho‘kayotgan ayolning hayotini saqlab qoldi

2020 yil 3 may kuni soat 8:30 da Vobkent tumanida yashovchi 39 yoshli ayol o‘z joniga qasd qilish maqsadida tuman hududidan oqib o‘tuvchi “Zarafshon” daryosiga o‘zini tashlagan.

Mahalla raisining xabariga asosan zudlik bilan hududiy profilaktika inspektori mayor A.Abloqulov va Vobkent tumani IIB 5-son ichki ishlar bo‘linmasi boshlig‘i, kapitan H.Hojiyevlar hodisa joyiga yetib kelishgan. Bungacha ayol taxminan 50 metrlar suv oqimi bo‘ylab oqib, ko‘p suv yutishi natijasida yuzaga qalqib chiqqan.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, kapitan H.Hojiyev ayolning ahvolini (tirik yoki o‘likligini) o‘ylab o‘tirmasdan darhol xizmat kiyimini yechgan holda suvga sakragan va ayolni suvdan tashqariga olib chiqqan. Kapitan H.Hojiyevning sa’y-harakatlari natijasida nafas yo‘llari suv bilan to‘lgan ayolga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uning hayoti saqlab qolingan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol ruhiy xastalikka chalingan bo‘lib, dispanser hisobida turadi, oilasi, 2 nafar farzandi bor. Hozirda salomatligi yaxshi va shifokorlar nazoratida.

Bahorning ayni kunlari, qolaversa, erta tongda suvning sovuqligiga qaramay, IIB xodimi o‘z hayotini xavf ostida qoldirgan holda deyarli hayotdan uzilgan ayolni qutqarganini jasorat deb atash mumkin, nazarimizda.