Ikki ayolni aldov yo‘li bilan fohishalikka junatmoqchi bo‘lgan qo‘shmachi qo‘lga olindi

Poytaxt IIBB xodimlari Toshkent viloyati IIBB bilan hamkorlikda odam savdosi bilan gumonlanuvchi shaxsni qo‘lga olishdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 12 yanvar kuni Yashnobod tumani IIO FMBga 35 yoshli Svetlana K. va 28 yoshli Manzura A.lar murojaat qilishdi.

Arizachilar aldov yo‘li bilan ishonchiga kirib, ularni Qozog‘iston Respublikasi Olmaota shahriga fohishalik qilish uchun jo‘natishni taklif qilgan 32 yoshli Iroda D.ga nisbatan chora ko‘rishni so‘rardi.

15 yanvar kuni taxminan soat 15.00 da Toshkent shahar IIBB va Toshkent viloyati IIBB xodimlari bilan olib borilgan profilaktik tadbir davomida Iroda D. Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi “G‘ishtko‘prik” chegara postida qizlarni qo‘shni respublikaga jo‘natayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Poytaxt IIBB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi (“Odam savdosi”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.