Ikki yilda bitmagan “Obod qishloq”dagi ishlar 2021 yilda davom etadi(mi?)

“Obod qishloq” dasturi shu hududda infratuzilmaning o‘zgarishi, yo‘l qurilishi, elektr energiyasi, gaz bilan ta’minlash, aholining yashash sharoiti yaxshilanishi, obodonchilik, qurilish-bunyodkorlik ishlarining rivojidan darak beradi. Ammo rejadagi ishlar xo‘jako‘rsinga bajarilsa-chi?

Urgut tumani Algar mahallasi 2019 yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgandi.

Mahalla fuqarolari nomidan tahririyatimizga murojaat yo‘llagan Husan Homidov va Begali Qayumovning aytishicha, dastlabki rejaga asosan mahalladagi 7 kilometr mahalliy yo‘l asfaltlanishi, elektr energiyasi, ichimlik suv, ichki yo‘llarga tosh to‘shalishi, maktabgacha ta’lim tashkiloti va qishloq qabristoni yo‘llari ta’mirlanishi belgilangan. Ammo bu reja amalda bir necha marotaba qisqartirilgan. Masalan, dastlabki rejada belgilangan 7 kilometrlik asfalt yo‘l keyinchalik 3028 metrga qisqartirilgan. Mahalla faollarining sa’y-harakati bilan simyog‘och, havo liniyalari, transformator, ichimlik suv uchun polietilen quvurlari keltirilgan. Qishloq aholisi hashar yo‘li bilan suv quvurlari va havo liniyasini tortgan. Ammo 2020 yil yakuniga yetayotgan bo‘lsa-da, qabriston va maktabgacha ta’lim tashkiloti yo‘lini ochib, tosh yotqizish, uni tabiiy gaz tarmog‘iga ulash ishlari qolib ketmoqda.

Fuqarolarning murojaati yuzasidan tuman hokimi va tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosaridan izoh so‘radik.

- Haqiqatda Algar mahallasi 2019 yilgi “Obod qishloq” dasturiga kiritilgandi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Ulug‘bek O‘roqov. – Mahalla muqobil yoqilg‘iga o‘tganligi uchun tabiiy gazga ulash imkoniyati yo‘q. Mahalla hududiga o‘tish joyiga aholi tomonidan teraklar ekilgani uchun dasturda belgilangan ishlar qolib ketgan. Bu masalalar ishchi guruh tomonidan o‘rganildi va keyingi yil dasturiga mahalladaga yo‘l kiritildi. 2021 yilda mahalladagi 150 metr yo‘lga tosh yotqiziladi.

Hokim o‘rinbosarining gaplariga ko‘ra, 150 metr tosh yotqizilishi bilan mahallada “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan ishlar yakunlanadi. Aslida yo‘llarni ochish, noqonuniy ekilgan teraklar va boshqa qurilmalarni bartaraf etish dastur amalga oshirilayotgan paytda bajariladigan vazifalar emasmi? Mahalla fuqarolarining murojaatida ko‘rsatilgan maktabgacha ta’lim tashkilotining bekilib qolgan yo‘lini ochish va ta’mirlash, qabriston yo‘liga tosh yotqizish ishlari o‘rniga 150 metr joyga tosh yotqizish bilan cheklaniladimi? Buni ham vaqt ko‘rsatadi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.