Ilgari taroqlar fil suyagidan tayyorlangan
Taroq qanday ixtiro qilingan, deya hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Uning tarixi juda qiziq. Bir o‘qib ko‘ring-a.
Yer yuzidagi eng qadimiy taroqlar baliq skeletlaridan tayyorlangan. Birinchi taroqlar qachon va qayerda tayyorlangani haqida aniq to‘xtamga kelinmagan, ammo Qadimgi Rim hududida olib borilgan qazishmalar vaqtida eng qadimgi taroqlardan biri topilgan. U hayvonning uzun suyagidan ushlagichli qilib tayyorlangan bo‘lib, uning sakkizta tishchasi ham bor. Ular bir-biridan 0,2 sm oraliqda joylashtirilgan. Keyingi davrlarda taroqlarni daraxtlar, marjonlar, fil suyaklari, toshbaqa kosalari va turli hayvonlarning shoxlaridan yasay boshlashgan. Taroq uchun ishlatilgan bu materiallardan XIX asr o‘rtalariga qadar keng foydalanishgan.
1869 yildagina ikki nafar aka-uka - Isayya va Jon Hayattlar selluloidni ixtiro qilishdi. Bu esa millionlab jonivorlarni butunlay yo‘q bo‘lib ketishdan saqlab qoldi. Odamlar esa tashqi ko‘rinishi xuddi marjonlar, fil suyagi va toshbaqa kosasiga juda ham o‘xshash materialdan taroq yasashda foydalana boshlashdi.