Ilohiy kemani izlagan sayyohlar
Afsonalarga ko‘ra, Armaniston va Turkiya o‘rtasidagi Ararat tog‘ida payg‘ambarimiz Nuh alayhissalomning kemasi qoldiqlari bor emish. Ammo o‘sha afsonalarga ko‘ra, Ararat o‘z sirini qattiq yashirib kelarmish va kemani topishning iloji yo‘q ekan.
Bu haqda fransuz sayyohi Monarx Oderx XIV asrda yozib qoldirgan: «O‘sha yerda yashovchilarning bizga aytishlaricha, toqqa hech kim chiqolmagan, negaki, bu Yaratganga yoqmasligi mumkin…»
O‘sha so‘zlarda qisman jon bor. Tog‘ etagidayoq tadqiqotchilarni zaharli ilonlar va xavfli jonzotlar kutib turadi. Ko‘p sonli jarliklar, yoriqlar, tosh qulashi, dovul, tuman qidiruvchilarga to‘sqinlik qiladi. Ammo hamma vaqt ham yurak yutib qadimgi jumboqni aniqlashga urinuvchilar bo‘lgan.
1829 yilda fransuz Fredirik Parro Araratga birinchi bo‘lib chiqishga urinib ko‘rgan va tog‘ning g‘arbiy muzlik adirlariga chiqqan. U Nuh payg‘ambar kemasini qidirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymagan. Tog‘ uni sport nuqtai nazaridangina qiziqtirgan, xolos. Shunga qaramasdan u yalanglikni aniqlagan: “Bu butun olam suv toshqini davrida bemalol kema uchun to‘xtash joyi vazifasini o‘tagan bo‘lishi mumkin”, degan Fredirik Parro Ararat.
****
O‘limni chetlab
Letargiya - grekcha so‘z bo‘lib, tushga o‘xshash chuqur uyquga ketish kasaligini anglatadi.
O‘lim belgilari - yurak urish to‘xtashi, nafas olmaslik unga xos. Bunda boshqa hayot jarayonlari ham qilt etmaydi. Xullas, haqiqiy o‘lim va letargik holatni hozirgi zamon uskunalarisiz aniqlash mushkul. Shu bois o‘tmishda letargik uyquga ketgan kishilarni o‘lik sifatida dafn qilish ko‘p uchragan. Ularning aksariyati mashxur odamlar bo‘lishgan.
Masalan, Italiya shoiri Franchesko Petrarko bilan ana shunday ayanchli voqea ro‘y bergan. U og‘ir xastalikka chalinib, letargik uyquga ketgan. Uni o‘ldi hisoblashib, dafn qilishga taraddud ko‘rishgan. U tobutga yotqizilib, qabrga qo‘yilayotganda ko‘zini ochgan. Xayriyat, hammasi yaxshilik bilan tugagan. O‘sha dahshatli voqeadan keyin shoir yana 40 yil umr ko‘rgan.
T.Shomurodov tayyorladi.