Indoneziya hukumati koronavirusga qarshi kurashga jinoiy guruhlarni jalb etadi

Bu haqda The Straits Times nashri xabar berdi.

Indoneziya milliy politsiyasi rahbari o‘rinbosari, general Gatot Eddi Pramono politsiya va harbiy xodimlarning yetishmayotganligi sababli huquqni muhofaza qilish boshqarmasi shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lganini ta’kidladi. Uning fikriga ko‘ra, jinoyatchilar aholini tartibga chaqirishga yordam beradi. Masalan, odamlarning niqob taqishini va ijtimoiy masofa saqlashini nazorat qiladi. Shu bilan birga, jinoiy guruh a’zolari o‘z majburiyatlarini suiiste’mol qilmasliklari va inson huquqlarini buzmasliklari uchun politsiya ularning faoliyatini nazorat qiladi.

“To‘da a’zolarini bizda ishlashga chaqirmaymiz. Shunchaki, ayrim vazifalarni bajarishlari uchun ularni jalb qilamiz. Bu jamoatchilik xabardorligini oshirishning norasmiy qismi. Biroq bu to‘dalar qonunlarga amal qilinishini ta’minlaydi, degani emas”, dedi Pramono.

Ayrim siyosatchilar politsiyaning bu taklifini jiddiy noroziliklar bilan qarshi oldi. Ular bunday tashabbus samarasiz bo‘lishi mumkinligidan xavotirda. Odamlar ko‘cha to‘dalariga ishonmaydi. Shu sababli ularning foydali tashabbusiga ham xavotir va xavf bilan qarashlari mumkin.

Taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Indoneziyada 15 sentyabr holatiga 221,5 ming nafar koronavirus holati qayd etilgan, 8,8 ming nafar bemor vafot etgan.