Indoneziya va Sharqiy Timorda ko‘chki va sel 52 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

Indoneziyaning sharqiy qismida va unga qo‘shni Sharqiy Timorda yoqqan kuchli jala sel va ko‘chki larni keltirib chiqardi. Oqibatda 52 kishi qurbon bo‘ldi, deb xabar beradi «Interfax».

Sharqiy Nusa-Tengara provinsiyasidagi Adonara orolining Lamenele aholi yashash punktida o‘nlab uylarni ko‘chki olib ketgan. Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha mahalliy agentlik rahbari Lenni Olaning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilar 35 ta jasadni olib chiqqan va 5 nafar odam turli xil jarohat olgan.

Vayburak qishlog‘ida uch kishi tabiiy ofat qurboni bo‘lgan, yetti kishi bedarak yo‘qolgan. Oyan Bayan qishlog‘ida esa 40 ta uy vayron bo‘lgan, uchta jasad topilgan, yuzlab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Lenni Olaning aytishicha, ko‘chki Adonara orolida beshta ko‘prikni vayron qilgan. Sharqiy Timor poytaxti Dilida sodir bo‘lgan ko‘chki 11 kishining hayotiga zomin bo‘lgan.