Indoneziyalik oilada 20 yildan beri 200 kilogrammlik timsoh yashaydi
1997 yilda Indoneziyaning G‘arbiy Yava shahri yashovchisi 41 yoshli Muhammad Eyvan baliqchilar tutib olgan yangi tug‘ilgan taroqsimon timsoh bolasini atigi 2 dollarga sotib oldi, uni uyiga olib keldi va unga Kojek ismini berdi. O‘shandan beri bu sudralib yuruvchi Eyvanning oilasi bilan birga yashaydi.
Timsoh shu vaqtdan buyon Muhammadning hovlisidagi basseynda yashaydi va u 200 kilogrammlik timsohga aylangan.
“Mitti Kojekni ko‘tarib ketayotgan baliqchilarni ko‘rib, darhol uni 25 ming rupiyga sotib oldim. Kichkinaligida u g‘azablanardi, ba’zan barmoqlarimni tishlardi, biz uni tarbiyaladik, keyinchalik u qo‘lga o‘rganib, o‘zlashdi. Kojek yirtqich hayvon bo‘lsa-da, odamlar bilan muloqot qilishni yaxshi ko‘radi”, deydi Muhammad sevimli uy hayvoni haqida.
Kojek uchta kichkina bolasi bor oilada yashab keladi, ammo Muhammad timsoh hech qachon bolalarga zarar yetkazmasligini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kojek umuman tajovuzkor emas va u har doim xotirjam. Bu xushfe’l timsohni ko‘rish uchun Indoneziyaning turli burchaklaridan odamlar kelishadi. Bir sayyoh hatto Kojekni 74 ming dollarga sotib olmoqchi bo‘ldi, biroq egasi oila arzandasini sotishga ko‘nmadi. Kojekning mashhurligiga uning cho‘milayotgani aks etgan video qo‘shildi: Muhammad uch metrli sudraluvchini o‘zining old hovlisida yuvib turadi.
“Men reptiliyamni yaxshi ko‘raman va Kojekka g‘amxo‘rlik qilaman. Menimcha u ham meni ota sifatida yaxshi ko‘radi. Uni parvarishlash qiyin emas: haftada bir marta basseyn suvini almashtirib, uning teri va tishlarini tozalab turaman”, qo‘shadi Muhammad.
Kojek uyga kelganida uning uzunligi bor-yo‘g‘i 25 santimetrga yetardi va o‘rta kattalikdagi akvariumga sig‘ardi. Endi u uyning hovlisida o‘zining hovuziga ega va faqat yangi tutilgan baliq iste’mol qiladi.
Kojek hali yosh, u katta bo‘lsa, hech kimni ajablantirmasa kerak. Bu turdagi timsohlarning uzunligi olti metrga, og‘irligi esa bir tonnaga yetishi mumkin. Shu sababli, Muhammad yaqin kelajakda uy hayvoni uchun yangi hovuz qurish niyati bor.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.