Inson hayotini saqlab qolishga xizmat qilayotgan muhim kashfiyotlar
Tibbiyot muntazam izlanishlar olib boriladigan soha bo‘lib, dunyo olimlari inson salomatligini asrash yo‘lida tinimsiz tadqiqotlar o‘tkazadi. Ixtirolar orasida shundaylari borki, ular necha yillar davomida millionlab bemorlar hayotini saqlab qolishga hizmat qilmoqda. Quyida ularning beshtasi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
1. Rentgen
Bugun zamonaviy shifoxonani rentgensiz tasavvur qilish qiyin. Germaniyaning Vyursburg universiteti fizigi Vilgelm Konrad Rentgen 1895 yilda uni tasodifiy tarzda kashf qilgan. U katod trubkasidagi yorug‘likni o‘rganayotganda, to‘satdan qurilmani yoqib-o‘chirish vaqtida yaqin atrofda turgan, bariy platinotsianid kristallari bilan qoplangan kartonda porlash paydo bo‘layotgani va yo‘qolayotganini ko‘radi. Bunda katod trubkasi qora qalin qog‘oz bilan o‘ralgan edi. Olim katod trubkasini yoqib o‘chirganida u sezgir bariy platinosianid kristallarini porlashiga olib keladigan, hamma joyga kirib boruvchi nurlanish manbai bo‘lib xizmat qiladi, degan xulosaga keladi.
2. Nur terapiyasi
Saratonga qarshi kurashdagi birinchi samarali usul nur terapiyasidir. 1895 yilda X-nurlari kashf etilgandan so‘ng deyarli darhol olimlar nurlanish ta’sir qiladigan tananing a’zolarida kuyishlar paydo bo‘lishini payqashdi. Bu esa rentgen nurlanishi bilan saraton hujayralarini yo‘q qilish g‘oyasini keltirib chiqardi. Birinchi rentgen terapiyasi seansi 1896 yilda Chikagoda ko‘krak bezi saratoni bilan og‘rigan ayolda o‘tkazildi. O‘pka saratonida bu turdagi nur terapiyasi hali ham qo‘llaniladi va 10-15 foiz hollarda to‘liq davolanishga olib keladi.
3. Sun’iy yurak klapani
Ushbu ixtironing hayotga tatbiq etilishi kardiologiyaning rivoji va inson tanasi tomonidan rad etilmaydigan sintetik to‘qimalar hamda polimer materiallarni yaratish texnologiyalarining paydo bo‘lishi bilan mumkin bo‘ldi. U tufayli millionlab odamlarning hayoti saqlanib qoldi. Inson yuragi to‘rt kameradan iborat bo‘lib, 4 ta klapandan bittasining faoliyati buzilishi ham butun yurak ishining buzilishiga olib keladi. 1957 yilda birinchi sun’iy ishlaydigan klapan taqdim etilgan. Hozirda yasalgan materialining turiga karab, klapanlarning bir necha turlari mavjud.
4. Defibrillyator
Elektr razryadi bilan yurak mushaklarining majburiy ishga tushirilishi natijasida ko‘plab insonlarning hayoti saqlab qolingan. Ushbu qurilma “defibrillyator” deb ataladi — turli qismlar mushaklarining qisqarishi g‘ayritabiiy aritmik tarzda sodir bo‘lgandagi yurak fibrilatsiyasiga teskari ravishda shunday nomlangan. Kuchli fibrillyasiyada yurak to‘xtaydi.
Bu hodisa birinchi marta 1899 yilda Jan-Lui Prevo va Frederik Batelli tomonidan o‘rganilgan. 1930 yillarda turli mamlakatlarda hayvonlarda elektroshok defibrillyasiyasini amalga oshirish imkoni o‘rganilgan. 1956 yilga kelib, Pol Zoll insondagi ochiq yurak operatsiyasi vaqtida 110 voltli o‘zgaruvchan tok bosimi yordamida birinchi muvaffaqiyatli defibrillyasiyani amalga oshirgan. 1960 yildan boshlab deyarli bir vaqtning o‘zida bir nechta mamlakatlarda avtonom defibrillyatorlar yaratilgan.
5.Stent
Kardiojarrohlar tomirning zararlangan joyini almashtirish g‘oyasini uzoq muhokama qilishgan, ammo qiyinchilik stent materiallarini va uni o‘rnatish texnologiyasini to‘g‘ri tanlashda edi. Nihoyat, 1986 yilda Jak Puel va Ulrix Zigvart Fransiyada birinchi marta bemorga stent o‘rnatdilar. Birinchi stentlar sof metalldan yasalgan naychaga o‘xshardi. Hozir esa ular halqalar va boshqa ko‘rinishdagi to‘rsimon shaklda bo‘lishi mumkin. Ularni ishlab chiqarish uchun turli xil materiallar qo‘llaniladi.
Tromblar vujudga kelish xavfini kamaytirish uchun o‘zidan dori chiqaradigan stentlar ham mavjud. Stentning ixtirosi va implantatsiyasi millionlab odamlarning hayotini saqlab qoldi. Shuni aytish kifoyaki, shu paytgacha yurak ishemik kasalligining o‘z vaqtida tashxis qilinmagani tufayli dunyoda har yili 7 millionga yaqin odam vafot etadi.