Inson miyasining g‘alati sirlari va ularni saqlab yuradigan odamlar

Germaniyalik qiz miyasining faqat bitta yarim shari bilan mukammal ko‘ra oladi

Germaniyada miyasining faqat bitta, chap yarim shari bilan tug‘ilgan 10 yoshli qizning ajoyib ko‘rish qobiliyati shifokorlarni hayratda qoldirdi. Insonga yaxshi ko‘rish uchun miyaning ikkala yarim shari ham kerak, chunki optik nervlardan keladigan vizual ma’lumotlar qayta ishlash uchun miyaning qarama-qarshilikdagi yarim sharlariga yuboriladi. Tegishincha, bitta yarim shar bilan faqat bitta ko‘z, bu qizning holatida esa faqat o‘ng ko‘zi ko‘ra olishi kerak edi.

Biroq, qiz oddiy binokulyar mukammal ko‘rish qobiliyatiga ega. 2010 yilda shifokorlar ushbu hodisa sabablarini aniqlashga harakat qilib, uning miyasini skanerlashdi. Aniqlanishicha, qiz chap ko‘zining optik nerv tolalari chap yarim sharga “ko‘chib o‘tgan” ekan, ya’ni miyasining chap yarim shari ikkala ko‘zidan kelib tushayotgan ma’lumotlarni idrok eta oladi. Miya qobig‘idagi chap yarim sharda vizual ma’lumotlarni qayta ishlash uchun mo‘ljallangan maxsus joylarning shakllangani tushunmovchilikdan qochishga yordam berdi.

Barcha do‘stlari begona bo‘lib ko‘ringan pittsburglik ayol

1996 yilda 22 yoshli amerikalik ayol avtohalokat oqibatida boshidan jarohat oldi. Ikki yildan so‘ng u bosh og‘rig‘idan aziyat cheka boshladi va Pittsburg kasalxonasining psixiatriya bo‘limiga olib ketildi, chunki ayol atrofidagi begona odamlar haqida gapirardi, lekin bu “begonalar” uning do‘stlari va oila a’zolari bo‘lardi.

Shifokorlar ayolga Fregoli sindromi deb ataladigan kam uchraydigan kasallik tashxisini qo‘yishdi. (Ushbu kasallik namoyish davomida liboslarini juda tez almashtira olishi va rollarni juda tez o‘zgartirishi bilan mashhur bo‘lgan italiyalik aktyor sharafiga nomlangan). Ushbu sindrom bilan og‘rigan bemorlar ko‘pincha atrofidagi yaqin odamlarini tanimasdan, ular potensial xavfli odamlar ekanligidan da’vo qilishadi.

Bir oylik davolanishdan so‘ng ayolning ahvoli barqarorlashdi, shundan so‘ng u hatto boshidan kechirgan narsalarini eslay olmadi.

Sem Eskyubel va uning miyasidagi tovon

Navbatdagi ultratovush tekshiruvidan so‘ng Sem Eksyubelning onasi yangi tug‘ilgan chaqalog‘ining miyasida shish borligi haqidagi xabardan ko‘ngli g‘ash bo‘ldi. Tug‘ilganidan uch kun o‘tgach, ushbu o‘simta chaqaloqning miyasidan olib tashlandi.

O‘simtaga yetib borgach, bola miyasida kichkina odam oyog‘i borligini tushungan jarrohlar hayron bo‘lishdi. Shifokorlar bolada ikkita mumkin bo‘lgan - teratoma yoki “homiladagi homila” tashxisini ilgari surdilar. O‘simtaning noyob turi bo‘lgan teratomaning ichida soch, tish, tirnoq yoki teri o‘sishi mumkin, homiladagi homila esa juda kam uchraydigan parokandalik bo‘lib, unda bir egizak bachadonda ikkinchi egizakni yutib yuboradi.

To‘liq tekshiruvlar jarrohlar haqiqatan ham “homila ichidagi homila” holatiga duch kelganliklarini aniqladi, chunki ular oyoqdan tashqari bolakay miyasidan qo‘l, son suyagi va ichakni ham topib olishdi. Bu “o‘sma”larning barchasi muvaffaqiyatli olib tashlandi. Hozirda bolakay tirik va sog‘lom.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.