Insonparvarlik tamoyili qo‘llanilib, 7 nafar mahkum oilasi bag‘riga qaytarildi
Sudlar tomonidan odil sudlov borasidagi faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi normalar milliy qonunchiligimizda o‘z aksini topgan bo‘lib, inson, uning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishi kafolatlangan.
Jinoyat kodeksining 7-moddasida insonparvarlik prinsipi — jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamaydi. Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘ladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi kerak. Jazolashdan ko‘zlangan maqsadga ushbu Kodeks maxsus qismining tegishli moddalarida nazarda tutilgan yengilroq choralarni qo‘llash orqali erishib bo‘lmaydigan taqdirdagina og‘irroq jazo choralari tayinlanishi mumkinligi qayd qilingan.
Ushbu kodeksning 73-moddasida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish normasi, 74-moddasida esa jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish normasi o‘z aksini topgan.
Mazkur qonun talablariga ko‘ra, jazodan ozod qilish yoki yengilrog‘i bilan almashtirish o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lgan hamda jazoning belgilangan qismini o‘tagan mahkumga nisbatan qo‘llaniladi.
Joriy yil 26 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan Samarqand viloyati IIB 38-manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tab kelayotgan mahkumlar orasidan o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan 7 nafar mahkumlarning jazosi insonparvarlik prinsipi qo‘llanilib, JKning 74-moddasiga asosan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi yengilroq jazo turlari bilan almashtirildi va ular qamoqdan ozod qilinib, oila a’zolari bag‘riga qaytarildi.
Muhiddin TUXTAYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi.
Shohruh MIRZAAHMEDOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi