Institut ilmiy hayotida o‘z o‘rni bor

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 8 noyabrdagi farmoni bilan Samarqand davlat chet tillar instituti tashkil etilgan edi. Ushbu sanaga o‘ttiz yil to‘ldi.

Samarqand davlat universitetining chet tillar fakulteti negizida faoliyat boshlagan institutda tuzilgan ilk va yirik kafedralardan biri nemis tili kafedrasi bo‘lgan.

Nega aynan nemis tili, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Chunki, sobiq ittifoq davrida yurtimizda xorijiy tillardan nemis tilini o‘qitishga juda katta e’tibor qaratilgan. Bugun ta’lim muassasalarida ingliz tilini o‘rganishga qanchalik ustuvorlik berilgan bo‘lsa, o‘sha davrda nemis tili ana shunday maqomda edi. Shuning uchun o‘tgan asr oltmishinchi yillarida Samarqand davlat universiteti chet tillari bo‘limi alohida fakultetga aylanganda va bu yerda xorijiy til sifatida ingliz, nemis, fransuz tillarini o‘qitish yo‘lga qo‘yilganda ham nemis tili asosiy kafedra edi. Tabiiyki, bu ushbu tilda o‘qiydigan talabalar soni ko‘pligi bilan bog‘liq. Nemis tili o‘qituvchilari talabalarga dars berish bilan bir qatorda til o‘qitish metodikasi, germanistika va romanistika  yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga ham jalb etildi va  xorijiy tillar bo‘yicha Samarqand olimlar maktabiga tamal toshi qo‘yildi.

Shu nuqtai nazardan nemis tilining ilmiy jihatdan o‘rganilishi va bu tilning xorijiy til sifatida o‘qitilishida institut nemis filologiyasi kafedrasi olimlari munosib hissa qo‘shganligini e’tirof etish lozim.

Bugungi kunda kafedrada professor A. Bushuy, B.Tursunov, B.Rizayev  va ushbu maqola mualliflari asos solgan “Tilning sistem-strukturaviy va nominativ-kommunikativ tarzda namoyon bo‘lishi”, “Matnning lingvistik tahlili”, “Grammatik semantika” ilmiy maktablari samarali faoliyat ko‘rsatib, ko‘plab yosh tadqiqotchilar bu maktablar an’analarini davom ettirib kelmoqda. Bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda kafedraning umumiy ilmiy yo‘nalishi “Zamonaviy tilshunoslikning dolzarb muammolari”, “Nemis tili o‘qitishda raqamli texnologiyalardan foydalanish” mavzulari hisoblanadi.

Bir necha yildirki kafedramiz “Zamonaviy lingvistik tadqiqotlar: xorijiy tajriba, istiqbolli izlanishlar va tillarni o‘qitishning innovatsion usullari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarni o‘tkazib kelmoqda. Ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlar sohasida xorijlik mutaxassislar bilan yaqindan hamkorlik qilyapmiz. Kafedramiz Germaniyaning Heidelberg pedagogika universiteti, Frayburg, Humboldt, Mainz, Boxum universitetlari, Leibniz nemis tili instituti bilan aloqa o‘rnatgan. 2020-2021 o‘quv yilida Boxum va Vologda universiteti bilan ilmiy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda kafedrada xorijlik mutaxassislar – PhD, doktor Manfred Fruhauf, PhD, doktor Renate Margarit Buk hamda DAAD lektori Anton Umbax biz bilan birga faoliyat olib bormoqda. 

 Ilmiy faoliyati bo‘yicha nemis filologiyasi kafedrasi bugun nafaqat institutda, balki respublika miqyosida ham yetakchi o‘rinda turadi. O‘tgan davr mobaynida kafedra a’zolari orasidan 8 nafar professor, 20 nafar dotsent yetishib chiqdi. Biz bundan buyon ham institut ravnaqi, talabalarimizning yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun bor bilim va tajribamizni ishga solib mehnat qilamiz.

Muxtor Begmatov,

Ashur Yaxshiyev,

SamDChTI nemis filologiyasi kafedrasi professorlari.