Investorning talabi nima? Yoxud Samarqand viloyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish xususida

Darhaqiqat, yetti o‘lchab bir kesadigan ishbilarmonlar chaqirganingiz bilan darrov yetib kelavermaydi. Ular uchun manfaatdorlik, yaratilgan shart-sharoit, qulayliklar ustuvor hisoblanadi.

- Xorijiy investorlarni jalb qilishning muhim omillaridan biri mamlakatimizdagi barqaror iqtisodiyot, huquqiy-investitsion muhit, siyosiy va iqtisodiy xavfsizlik, rivojlangan infratuzilma, malakali mutaxassislar va albatta yaratilayotgan kafolatlardir, - deydi viloyat investitsiya va savdo boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Davron Rasulov. – Jumladan, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyani jalb qiluvchi korxonalar 2005 yil 1 iyuldan daromadi, mol-mulk, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, miikrofirma va kichik korxonalar uchun soliq to‘lovlari hamda respublika yo‘l fondi uchun majburiy to‘lovlardan ozod etilgan.

Shuningdek, mamlakatimizda investitsion faoliyatni tartibga soluvchi, xorijiy investorlarning haq-huquqlarini, mulkini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilinganki, mazkur qonun normalari investorlar hamda uning ishtirokchilarining huquqiy himoyasini ta’minlab kelmoqda.

Bugungi kunda viloyat iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari va sohalarida xorijiy investitsiyalar ishtirokida 500 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2019 yilning 9 oyi mobaynida 150,3 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Bu o‘tgan yilning yakuni bilan taqqoslanganda qariyb 2,5 barobarga yoki 92,0 million dollarga ko‘pdir. Hududiy dasturlar doirasida 2 trillion 935,3 milliard so‘mlik 580 ta loyiha amalga oshirilib, 10,3 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi. Birgina sanoat sohasida 2 trillion 164,4 milliard so‘mlik 221 ta loyiha ishga tushishi bilan 6692 ta ish o‘rni yaratildi.

- Viloyatimizda bugungi kunda eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar 250 tani tashkil etadi. Shundan 118 tasi sanoat va 132 tasi qishloq xo‘jaligi sohasida. Joriy yilda 70 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb qilingan bo‘lib, ular tomonidan qo‘shimcha 18,6 million dollarlik, ya’ni o‘ndan ortiq yangi turdagi sanoat mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

Kiritilgan investitsiyalar geografiyasi bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak bunda 30 ga yaqin davlatlarning investorlari ishtirok etdi. Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSh, Rossiya, Yaponiya, Polsha, Buyuk Britaniya, Kanada va hokazolar.

Misol uchun, Samarqand shahridagi «Aziya Metal Prof» MChJda metalni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Xitoy davlatidan 17,0 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari jalb etildi.

Samarqand tumanidagi «AGRO SOV PLACT» korxonasida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash va muzlatish loyihasini o‘zlashtirish uchun Polsha davlatidan 2,0 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi.

2019 yilning yakuni bilan dastur doirasida 5992,3 milliard so‘mlik 814 ta loyiha joriy etilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida yiliga 52 milliard so‘mdan ortiq qo‘shimcha byudjet tushumlari bo‘ladi va 25 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi.

Yil oxirigacha va 2020 yil davomida Oqdaryo, Jomboy, Ishtixon va Samarqand tumanlarida yangi loyihalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Natijada 12 ta yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Jinsi matosi, chang yutgich, kir yuvish mashinalari, LED lampalari, suv nasoslari, laboratoriya probilkalari, gigiyenik qo‘lqoplar, gazbeton blok, keramik plitkalar va 3 turdagi mini agrotexnika shular jumlasidandir.

Xorijiy investorlar ishtirokida istiqbolli loyihalar keng joriy etilayotganini Samarqand shahridagi «Bofanda» korxonasida ham ko‘rish mumkin.

- Korxonamiz o‘tgan yili klaster tizimiga o‘tkazilishi natijasida qayta ishlangan paxta tolasidan ip kalava va tikuv iplari hamda boshqa ayrim xomashyo mahsulotlar, shu yerning o‘zida tayyorlanmoqda, - deydi sex boshlig‘i Farrux Usmonov. – Ayni paytda bu yerda erkak va xotin-qizlar hamda bolalar uchun turli xil ko‘ylak, choyshab, ko‘rpa yostiq jildlari tayyorlanmoqda. Mahsulotlarimizga ichki va tashqi bozorda talab ortib bormoqda.

Adham HAYITOV,

«Zarafshon» muxbiri.