Xitoylik investor Samarqand shahar DXM orqali davlat ro‘yxatidan o‘tdi
Xitoylik Xe Vei Lu xonim tashkil etgan "SXF BORN FAMILY" mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona to‘qimachilik va yengil sanoat uchun yigirilgan ip, xom va tayyor ip gazlamalar, momiq, paxtali vatin, iplarni ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiradi.
Tadbirkor Lu xonim ushbu korxonasini Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
- O‘zbekistonga bundan to‘rt yil oldin oilamiz bilan kelganmiz, - deydi u. - Shu yerda yashab, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchimiz. Tanlovda aynan Samarqandni tanlaganimizning boisi, bu yerning havosi, odamlari yoqdi. Qolaversa, ushbu shaharda uzoq yillik do‘stlarimiz bor. Ular meni xorijlik mehmon sifatida emas, shu yerning odamidek qabul qilishgan. Davlat xizmatlari markaziga korxonamni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalasida kelgandim. 10-15 daqiqada murojaatim ijobiy hal etilib, guvohnomani qo‘limga oldim. Yurtingizda, xususan, Samarqandda biz kabi investorlarga yaratilgan bunday qulayliklardan xursandman.
Mazkur xorijiy korxona rahbari He Vei Lu xonim 2 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritib, 100 nafarga yaqin samarqandliklarni ish bilan ta’minlash niyatida.
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.