Ish faoliyatini tugatgan samolyotlar yokifoydalanishdan chiqarilgan havo kemalarining ikkinchi hayoti
Ushbu havo kemalari osmonda ozmuncha mehnat qilmadi, foydalanishdan chiqarilgach, axlatxonadagi temir uyumga aylanish o‘rniga, ular yerda o‘ziga yangi ish topdi. Endi kabinada uchuvchilar o‘rniga sayyohlar yashaydi, illyuminatordan bulutlarni ko‘rmaysiz, qanot ostida esa osongina barbekyu panjarasi yoki bolalar o‘ynashi uchun qum to‘ldirib qo‘yilgan katta yashikni topishingiz mumkin.
Bugun siz uchun eng qiziqarli “iste’fo”dagi samolyot va vertolyotlarni topdik. Demak, xavfsizlik kamarlaringizni taqing, ular bo‘ylab sayohatni boshlaymiz!
Bolalar bog‘chasi, Gruziya
Gruziya poytaxtidan 11 kilometr uzoqlikda joylashgan Rustavi shahrida ehtimol dunyodagi eng yaxshi bolalar bog‘chasi bor. Nega deysizmi? Chunki u bir paytlar “Gruziya havo yo‘llari” aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan haqiqiy “Yak-40” samolyoti bortida joylashgan. Bu yerda hamma narsa odatdagidek: kabina, fyuzelyaj, qo‘nish moslamasi, qanotlar va traplar. Qanot ostida arg‘imchoq va qumdon, salonda esa juda ko‘p o‘yinchoqlar bor. Lekin bularning barchasi “Yak-40” samolyotining haqiqiy bosish tugmalari va rul chambari bilan raqobatlasha oladimi? Guruh bor-yo‘g‘i 15 nafar boladan iborat bo‘lib, kunning har daqiqasi rejalashtirilgan. Talabgorlar ko‘pligi tufayli bunday g‘ayrioddiy bolalar bog‘chasiga kirish juda qiyin.
“Jumbo Stay” mehmonxonasi, Shvetsiya
1976 yilda ishlab chiqarilgan 450 o‘rinli “Boeing 747-212B” Stokgolmdagi “Arlanda” aeroportiga kiraverishda turadi. Samolyot 2006 yilda sotib olingan, o‘sha paytda salon butunlay demontaj qilindi. Unda hammasi bo‘lib, 76 ta xona, jumladan, bir nechta ikki kishilik qulay yotoqxonalar, shuningdek, uchuvchining sobiq kabinasida lyuks xona jihozlangan. Unchalik keng bo‘lmagan vannaxonalar ham bor, bundan tashqari, egalari samolyot ichiga mehmonlar nonushta qilib olishlari uchun “Jumbo Stay” kafesini sig‘dirishga muvaffaq bo‘lishdi.
“Runway 34” restorani, Shveysariya
Syurix aeroportining ro‘parasida, maxsus qurilgan angarning markazida “Il-14” samolyotidan yasalgan “Runway 34” restorani joylashgan. Mehmonlar samolyot salonida yoki uning yonida stolda o‘tirishlari mumkin, butun restoran (va samolyotning o‘zi) dunyoning turli oshxonalaridan taomlar taqdim etiladigan zonalarga bo‘lingan. Ushbu “Il-14”ning sobiq birinchi sinf kabinasi joyida egalari sigara zonasini yaratgan.
“Winvian Farm” fermasi, Konnektikut
1968 yilda ishlab chiqarilgan “Sikorsky Sea King Pelican HH3F” sohil qo‘riqlash xizmatida bo‘lgan vertolyot tashqarida emas, balki uyda o‘tiradi. Aniqrog‘i, har kuni ijaraga beriladigan elita yozgi uy ichida ulkan parrakli vertolyot korpusi mavjud. Hojatxona, ikki kishilik yotoqxona va boshqa barcha qulayliklarga ega hammom Sikorskiydan tashqarida joylashgan bo‘lib, fyuzelajda faqat oddiy oshxona va bir nechta o‘rindiqlar mavjud. Umuman olganda, bu uy mehmonxonadagi vertolyot ko‘proq badiiy ob’yekt sifatida xizmat qiladi, uning funksionalligi juda cheklangan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.