Ish topib berolmagan bandlik markazi fuqaroga ishsizlik nafaqasi to‘lashi kerak, ammo...

Yaqinda o‘zimga o‘zim “Yetar shuncha oliy ma’lumotli uy bekasi bo‘lganing, bolalar ham katta bo‘lib qoldi, endi ishlash kerak”, dedim-u, ish izlashga tushdim. Afsuski, ish topish men o‘ylaganchalik oson emas ekan. Mana, necha oydan beri ishga kirish harakatidaman. Ammo hali-hanuz biror natijaga erishganim yo‘q. Qayerga murojaat qilsam, tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga ro‘baru qilishadi. Bu markazga bora-kela qancha odamlar men kabi sarson bo‘layotganini ko‘rdim. Markazdagilar shu darajada sovuqqon va qo‘polki, oldida gapingizni yo‘qotib qo‘yasiz.

O‘tgan yilning yozida Payariq tumani bandlikka ko‘maklashish markaziga ish so‘rab bordim. Aslida bu markazga murojaat qilmoqchi emasdim. Men “portal”ga ish so‘rab murojaat qilgan edim. Afsuski, ular shu markazga yuklashibdi. Xullas, tuman va viloyat hokimligi ham murojaatlarimni tuman bandlikka ko‘mak­lashish markaziga jo‘natishdi. Menga esa har doimgidek mutaxassisligim bo‘yicha ish yo‘qligini aytishdi. Uch-to‘rt varaq vakansiyani oldimga qo‘yishadi va shu ish o‘rinlaridan mosini tanlashimni tavsiya qilishadi. Mosi bo‘lmasa, sekingina yelka qisib qo‘yishadi. Go‘yoki, shu bilan vazifalarini a’lo darajada bajarishgandek. Yana tushuntirish xati ham yozdirib oladi. Mazmuni taxminan bunday: “Rostdan ham mahalla va bandlikka ko‘maklashish markazi menga bo‘sh ish o‘rinlari taklif qildi. Ammo mening mutaxassisligimga mos ish yo‘qligi uchun ishga joylasha olmadim. E’tirozim yo‘q”.

Bu nima degan gap. Bu, odamni o‘z yog‘iga o‘zini qovurish bilan barobar emasmi? Shu o‘rinda savollar tug‘iladi. Bu markaz shu darajada ahamiyatli ekan, nega oddiy aholiga umuman nafi tegmayapti? Aslida ularning faoliyati nimadan iborat? Faqat vakansiya qog‘ozini kelgan-ketgan odamga ko‘rsatishdan iboratmi? Ish beruvchi tashkilot ish so‘rab boruvchini ishga oladimi? Buning shu bandlikka ko‘maklashish markazlariga ahamiyati bormi, yo‘qmi? Agar qabul qilishmasa, umuman, menga o‘xshab sohasiga mos ish o‘rni bo‘lmasa, yana qanday taklif va amaliy yordam ko‘rsatish huquqiga ega?

Konstitutsion huquqimga ko‘ra, shu kabi savollarimga javob olish maqsadida bir necha bor markaz rahbari bilan uchrashishga harakat qildim, ammo buning iloji bo‘lmadi. Shundan so‘ng internet materiallari asosida bandlikka ko‘maklashish markazlari haqidagi ma’lumotlar‚ qarorlar, qonunlar bilan tanishib chiqishga harakat qildim. Aslida ish so‘rab boruvchi ish so‘rab borgan kundan boshlab “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq belgilangan tartibga asosan ishsiz deb ro‘yxatga olinishi va belgilangan tartibda ishsizlik nafaqasi to‘lanishi lozim ekan. Shuningdek, men kabi murojaatchilarga haqiqatdan mutaxassisligi bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari bo‘lmasa, murojaat qilingan kundan boshlab o‘n kundan kechiktirmasdan mehnat  organlari tomonidan ishsiz, deb e’tirof etilib, ro‘yxatga olinishi lozim, deyilgan. Endi yana bir e’tiroz. Men  necha marotaba markazga murojaat qilgan bo‘lsam, meni yozma ravishda ro‘yxatdan o‘tkazishmagan. Bu o‘rinda kim aybdor – yozma ravishda ariza berish kerakligini bilmagan, ya’ni huquqini bilmagan menmi yoki murojaat qiluvchining qanday imtiyozlari va imkoniyatlari borligini tushuntirmagan markaz mutaxassislarimi?

Belgilangan tartibda ishsizlik maoshi tayinlangandan so‘ng fuqaro har ikki haftada bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirib borilishi lozim, deyilgan. Tayinlangan ishsizlik maoshining miqdori oshirilishi esa ish so‘rovchining qayta malaka oshirishi, o‘z ustida ishlashi, qaysidir o‘quv muassasalarida o‘qishi uchun ijtimoiy ko‘makdir. Ammo bu kabi imtiyoz va e’tibor oddiy xalqqacha yetib kelmayogani achchiq haqiqat. Katta-katta tashkilot va markazlar tuzilib, ishchi guruhlar tashkillashtirilib, unga davlat miqyosida katta imkoniyatlar va ishonch berilsa-yu, natijasi nolga teng bo‘lsa...

Bu kabi holatlarga biz kabi oddiy insonlar yechim topmog‘i anchayin mushkul masala, shunday emasmi?

Nilufar NAZAROVA,

Payariq tumani Sarbozor mahallasi.