Ishonchga munosib bo‘lish oson (mi?)
Bugungi shiddatkor kun voqeligi har qanday sohada faol va zamon bilan hamnafas bo‘lishni kerakligi talab etilmoqda. Deputatlar zamon bilan birga dadil qadam tashlay olyaptimi? Ularning faoliyatidan xalq rozi bo‘lyaptimi, ular saylovchilar ishonchini oqlayaptimi?
Shu kabi savollarga xalq deputatlari viloyat Kengashiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan saylangan deputat Tozagul Xoliqovaning faoliyati misolida javob izladik.
Ma’lum qilinishicha, deputat saylov okrugi hududida, avvalo, kam ta’minlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olib turadi. Hududdagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilik nazoratini olib bormoqda. 2022 yilda deputat tashabbusi va ko‘magi bilan 20 dan ortiq fuqaroga moddiy hamda ijtimoiy ko‘mak berilgan.
Yaqinda deputat saylovchilar bilan uchrashganidan so‘ng qorli-izg‘irin kunlar talabidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan xonadonlar holidan xabar oldi va ularning murojaatlarni o‘rgandi. Xususan, Ishtixon tumani Yangikent mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan fuqaro O.Nazarovning yashash sharoiti o‘rganildi. Deputat fuqaroning murojaatini tinglab, unga tibbiy tekshiruvdan o‘tish, zarur dori vositalari bilan ta’minlanishida amaliy yordamni tashkil qilishga va’da berdi.
- Saylov okrugimdagi fuqarolar bilan uchrashuvlardan kelib chiqib aytishim mumkinki, hududda hali yechimini kutayotgan muammolar ko‘p va bu muammolarni hal etishi uchun qattiq ish olib borishimizga to‘g‘ri keladi, - deydi Tozagul Xoliqova. – Mavjud muammolarni hal qilish uchun oldimizda turgan asosiy vazifa, eng avvalo, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan fuqarolarning bir ishni boshini tutib, kasb-hunari orqasidan daromad topishlariga ko‘maklashishdan iborat.
Joriy yilgi rejamga asosan saylov okrugi hududidagi mahallalar kesimida hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar ro‘yxatini shakllantirishga e’tibor qaratdim. Shu asosda “Mohlar” va “Bog‘bon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ichki yo‘llarni ta’mirlash zarurligi, “Zarbuloq” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ma’nan eskirgan simyog‘ochlarni yangilash kabi masalalarda tegishli boshqaruv organlari bilan ish olib boryapmiz.Rost, joylardagi muammolarni o‘sha hududdan saylangan deputatlar boshqa mutasaddilarga qaraganda yaxshiroq biladi. Ammo ochig‘ini aytish kerakki u kiritgan so‘rovlar har doim ham ijobiy yechimga xizmat qilmaydi.
Deputatning ta’kidlashicha, bunday hol uni to‘xtab, ortga qaytishiga sabab bo‘lolmaydi. Xususan, T.Xoliqova Ishtixon tuman Kengashidagi deputatlik guruhi bilan hamkorlikda partiyaning dasturiy g‘oyalari, elektorat manfaatlaridan kelib chiqib, boshqaruv idoralari oldiga dolzarb masalalarni qo‘yish, mavjud muammolarga yechim topish yo‘lida qator o‘rganishlar olib bordi. Xususan, umumta’lim maktablari oshxonalari va yaqin-atrofda o‘quvchilar salomatligi uchun zararli bo‘lgan fast-fud, tez tayyor bo‘ladigan oziq ovqatlar, energetik ichimliklar, tarkibida narkotik bo‘lgan tamaki mahsulotlari savdosining oldini olish, maktablar hududida tezlikning cheklanganlik belgilari o‘rnatilganligini nazorat qilish masalalari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi. O‘rganish natijalarini mahalliy kengash sessiyasi kun tartibiga kiritish rejalashtirilgan.
Akbar Erkayev,
“Adolat” SDP viloyat Kengashi ijrochi kotibi.