Ishtixon bozoridagi tartibsizliklar qachon barham topadi?
Yaqinda "Ishtixon dehqon bozori" yonidan o‘tdim. Bozor yo‘l yoqasiga ko‘chgan. Hatto, mashinadan turib, narsa xarid qilsangiz ham bo‘ladi.
Mahalliy aholining aytishicha, dastlab bir kunda bozordagi barcha tadbirkorlar tuman tashqarisidagi sharoiti haminqadar bozorchaga ko‘chirilgan. Ammo sharoit yoqmaganmi yoki xaridor kamayib ketishidan qo‘rqishganmi, savdogarlar bozorchadan qaytib kelib, tuman markazidagi ko‘chada savdo-sotiq ishlarini boshlab yuborishgan. Barchaning og‘zida shu gap: "Bozor ko‘charmish, o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurilarmish, tadbirkorlarga sotilarmish…"
Bu kabi gap-so‘zlarga aniqlik kiritish maqsadida tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sherzod Ibragimovga murojaat qildik.
– "Ishtixon dehqon bozori" ko‘chirilmaydi, balki zamon talablariga mos tarzda qayta quriladi, - dedi Sh.Ibragimov. – Hozirda bozor rastalari orasidagi yo‘laklar, bozor ma’muriyatiga tegishli binolar hokimlik va bozor ma’muriyati tomonidan ajratilgan mablag‘ hisobiga ta’mirlanmoqda. Shuningdek, chiqindixona, zamonaviy hojatxonalar ham qurilmoqda. Bozor ichidagi do‘konlar, rastalar esa foydalanuvchi tadbirkorlar tomonidan obodonlashtirilmoqda. Yaqin kunlarda barcha qulayliklarga ega, zamonaviy, ko‘rkam "Ishtixon dehqon bozori" o‘z egalariga topshiriladi. “Toza hudud” DUK tomonidan chiqindilarning o‘z vaqtida olib ketilishi doimiy nazoratga olinadi.
Otabek ShAROFOV.