“Ishtixon”, “Mitan” va “Nurobod” dehqon bozorlarida qo‘l yuvish uchun moslamalar o‘rnatilmagan

Bugun, 15 iyul kuni Oliy Majlis Senati  Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining videokoferensaloqa shaklida majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Toshkent shahri va Samarqand viloyati dehqon bozorlarida ijrosini o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

Senatorlar, xalq deputatlari Toshkent shahri va Samarqand viloyati Kengashlari doimiy komissiyalari a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlisda bozorlardagi mavjud holatga e’tibor qaratildi. Jumladan, Toshkent shahrida 12 ta, Samarqand viloyatida 34 ta dehqon bozori va ularning shoxobchalari tasdiqlangan sanitariya qoidalari, normalariga oid hujjatlar, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida yagona dastur mavjudligi aniqlangan.

Har bir bozor hududida tuman (shahar) hokimligi, DSI, IIB, bozor mas’ul xodimlari, Toshkent shahar hamda Samarqand viloyati DSENB tuman filiallari xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuzilgan bo‘lib, ular tomonidan kundalik nazorat yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, bozorlar hududi Davlat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Toshkent shahar hamda Samarqand viloyati boshqarmasi tuman (shahar) filiallari tomonidan dezinfeksiya ishlari jadval asosida olib borilmoqda.

Majlisda ushbu hududlarda Qonun ijrosini ta’minlash borasida qator kamchiliklar aniqlanganiga e’tibor qaratildi. Xususan, dehqon bozorlarida mazkur Qonun talablari hamda Respublika Maxsus komissiyasi yo‘riqnomalari va tavsiyalariga, jumladan, 2 metrlik oraliq masofani saqlash qoidasiga rioya qilinmayapti.

Bozor sotuvchilari o‘rtasida doimiy niqob va maxsus qo‘lqoplar bilan ishlash, yuz niqoblarini belgilangan muddatlarda yangilab turish kabi qoidasiga amal qilmaslik holatlari kuzatilgan. Bozor xodimlari, ayniqsa, sotuvchilardan koronavirusga test tekshiruvlari olish amaliyoti yetarli darajada tashkil etilmagan.

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi barcha bozorlar markazlashgan ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimiga ulangan bo‘lsa-da, “Farhod”, “Askiya” va “Oloy” dehqon bozorlarida qo‘l yuvish moslamalari talab darajasida o‘rnatilmagan, ayrimlari yaroqsiz ahvolda.

Samarqand viloyatidagi “Temiryo‘l” va “Tabiat saxovati” bozorlarida qo‘l yuvish moslamalari bozor tashqarisiga o‘rnatilgan, “Ishtixon”, “Mitan” va “Nurobod” dehqon bozorlarida qo‘l yuvish uchun moslamalar o‘rnatilmagan.

Shuningdek, non va non mahsulotlari sotuvchilarining ayrimlari maxsus kiyim-bosh kiyishmagan va sanitariya savodxonligi bo‘yicha maxsus o‘quv soatlarida o‘qitilmagan. Mazkur holatni Toshkent shahrining “Farhod”, Samarqand viloyatining Ishtixon, Qo‘shrabot, “Mitan” bozorlarida ko‘rish mumkin.

Aksariyat dehqon bozorlar hududidagi chiqindi urnalari almashtirishga muhtojligi va ularning savdo rastalaridan 25 metrdan kam masofada joylashtirilganligi, chiqindixonalar atrofi o‘ralmaganligi, chiqindilar olib chiqilgandan so‘ng konteynerlarni yuvish va zararsizlantirish uchun sharoit yaratilmaganligi aniqlangan.

Majlisda Toshkent shahar va Samarqand viloyati hokimliklari hamda tegishli vazirlik va idoralarga koronavirus pandemiyasi davrida dehqon bozorlari hududida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish, mahalliy hokimliklar tomonidan bozorlar faoliyatini sanitariya qoidalariga mos ravishda tashkil etish yuzasidan tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati.