Ishtixonda “Zarafshon sifat tekstil” MChJ ish boshladi, 420 nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi

Bugun Ishtixon tumanida “Zarafshon sifat tekstil” yengil sanoat korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Sh.Negmatov ishtirok etdi va tuman ijtimoiy-iqtisodiy hayoti uchun muhim voqea bilan barchani qutladi, deb xabar bermoqda “Ishtixon ovozi”.

-  Bugun tumanimizda yangi bir sanoat korxonasi ish boshladi. “Zarafshon sifat tekstil” korxonasining ochilishi munosabati bilan tumanimizda istiqomat qilayotgan 420 nafar opa-singillarimiz, qizlarimiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishdi. Aytish joizki, bu kunga alohida tayyorgarlik ko‘rildi. Ushbu korxonaning ish boshlashi munosabati bilan ko‘plab xotin-qizlarimiz bir necha oy davomida Samarqand shahrida alohida o‘quv amaliyotidan o‘tdilar. Bu jarayonda ular yengil sanoatda ishlash sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganishdi, amaliy mashg‘ulotlar yordamida o‘z mahoratlarini oshirdilar. Ana shu davrda ham ularga belgilangan miqdorda oylik maoshlar berib borildi, kasb-sirlari to‘la o‘rgatildi.

Eng quvonarli jihati, fabrikada ishlab chiqariladigan tayyor trikotaj mahsulotlarining asosiy qismi xorijiy davlatlarga eksportga yo‘naltiriladi, - deydi korxona direktori Samariddin Sharopov.