Ishtixondagi “Oqqo‘rg‘on tajribasi” viloyatga namuna bo‘ladi
Xonadonbay o‘rganish asosida aholini qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish, aholi bilan muloqotning yangicha tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida joriy qilingan tajriba ayni paytda Ishtixon tumanida qo‘llanilmoqda.
Tuman mahallalarida o‘tkazilgan xatlov asosida aniqlangan muammolar respublika ishchi guruhi boshchiligida mutasaddi tashkilotlar tomonidan hal etilmoqda.
– Shu paytgacha respublika vazirlik va idoralaridan boshlab, viloyat, tuman darajasidagi tashkilotlar mas’ullari ishtirokida joylarda sayyor qabullar o‘tkazilib, odamlarni qiynab kelayotgan masalalarga tezkor yechim topilardi, – deydi viloyat xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyev. – “Oqqo‘rg‘on tajribasi”da esa har bir mahalla, xonadon miqyosida o‘rganishlar olib borilib, muammolarga yechim topilmoqda. Hozirda bu tizim butun respublikamizda, jumladan, viloyatimizda Ishtixonda qo‘llanilmoqda. Bundan bir oy oldin tumandagi mahallalarda xonadonbay aholi muammolari, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘rganish boshlangandi. Shuningdek, ijtimoiy soha ob’yektlarining holatiga e’tibor qaratildi. Hozirgacha mavjud 62 mahalladagi 44 ming 400 dan ortiq xonadon, 443 ta ijtimoiy soha va boshqa ob’yektlarda o‘rganish olib borildi. Shu asosida ayni paytda aniqlangan muammolar hal etilmoqda.
Xususan, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish maqsadida 85,8 kilometr ichki yo‘llarga shag‘al to‘shaldi. 63 ming 470 dona gaz ballonlar almashtirildi, 381 ta yangi gaz ballon yetkazib berildi. Ikkita markaziy suv uzatish stansiyasi ta’mirlandi, 7 kilometr suv tarmog‘i tortildi, yana 8,5 kilometrlik tarmoq tortish ishlari davom etmoqda. To‘por, Namuna, Qayirma, Yo‘g‘ontepa, Mirishkor, Zarband, Azamat, G‘afur G‘ulo mahallalarida yangi suv inshootlari qurilmoqda. Bu ishlar natijasida 3 ming nafardan ortiq aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi. 1250 nafar aholi ilk bor markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
29 kilometr masofada yangi optik tolali aloqa tarmog‘i tortilib, 4,5 kilometr qismi ta’mirlandi, 445 ta aholi xonadoni tezkor internet tarmog‘iga ulandi.
– Mahallalardagi xatlov davomida tuman bo‘yicha 8 mingdan ortiq yangi beton tayanch ustun, 130 ta transformator o‘rnatish zarurligi aniqlandi, – deydi Ishtixon tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Umar Jo‘rayev. – Respublika va viloyat ko‘magida ayni paytda 17 mahallada ish olib boryapmiz. Bir hafta ichida 16 ta transformator, 400 dan ortiq beton tayanch ustun o‘rnatildi. 29 ta transformator punkti ta’mirlandi, 13,2 kilometr yangi elektr kabeli tortildi. Misol uchun, Chaqar mahallasi Xo‘jamurod qishlog‘ida 160 kilovatli yangi transformator o‘rnatilib, 30 dan ortiq qo‘lbola simyog‘ochlar temirbeton tayanch ustunlarga almashtirildi. Bahrin, Safoxo‘ja, Chinortepa, So‘g‘ot mahallalarida ham qo‘shimcha yangi transformatorlar o‘rnatilib, aholining elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq muammolari hal etildi.
Tumanda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim topish jarayonida aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholi manfaatlarini himoya qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Yangi tizimning tub mazmun-mohiyati insonga e’tibor, uning qadrini ulug‘lashga qaratilgan, – deydi Ishtixon tumani hokimi Fazliddin Ro‘ziyev. – Shuning uchun birinchi navbatda xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish, ularning muammolariga tezkor yechim topishga harakat qilyapmiz. Mahallalarda olib borilgan o‘rganishlar davomida turar joy sharoiti yaxshi bo‘lmagan 250 dan ortiq oila aniqlandi. Ularga qurilish materiallari olib berish uchun viloyat hokimligi tomonidan 600 million so‘m mablag‘ ajratildi, o‘zimiz ham ichki imkoniyatlarimizdan foydalanib, kerakli mablag‘ to‘pladik. Shu paytgacha 257 ta xonadonga uy-joyini ta’mirlash uchun qurilish materiallari yetkazib berildi. O‘ta og‘ir sharoitdagi 20 ta oila uchun homiylik asosida uy qurilmoqda. Ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan 20 ta xonadonga quyosh paneli o‘rnatildi. O‘nga yaqin maktablarimizda ham shunday quyosh panellari o‘rnatilib, ularning elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolari hal etildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Bundan tashqari, qisqa vaqt ichida 720 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Jumladan, 253 kishi doimiy ishga joylashtirildi, 249 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi, 218 nafari o‘zini o‘zi band qilish tizimi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Tadbirkorlik maqsadlari uchun 5,40 gektar yer maydoni “e-auksion” dasturi orqali savdoga chiqarildi. 75 nafar fuqaroning yer olib, dehqonchilik qilish istagi bo‘yicha 436 gektar bo‘sh yer maydoni ham “e-auksion”ga qo‘yildi. 77 nafar ishsiz fuqaroga 412 million so‘mlik asbob-uskunalar tarqatilib, ularning daromad topishlariga imkoniyat yaratildi. 233 nafar fuqaroga 6,2 milliard so‘m imtiyozli kredit, 264 nafar talabaga 2,3 milliard so‘m ta’lim krediti ajratildi. “Yoshlar daftari”da bo‘lgan 347 nafar yigit-qizga 511 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.
Ayni kunlarda tuman markaziy poliklinikasi va oilaviy shifokorlik punktlarida respublika va viloyatdagi ixtisoslashgan tibbiy markazlar mutaxassislari ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda. Shu paytga qadar 8754 nafar fuqaroning salomatligi nazoratdan o‘tkazilib, 291 nafari tuman markaziy shifoxonasiga yotqizildi, 39 nafar bemorga viloyat va respublika muassasalarida bepul davolanish uchun yo‘llanma berildi. 54 nafar ehtiyojmand fuqaroning salomatligini tiklash uchun jarrohlik amaliyotlariga viloyat byudjetidan 850 million so‘m mablag‘ ajratildi. Tuman markaziy shifoxonasida respublika va viloyatdan kelgan yuqori malakali vrachlar tomonidan murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.
Shuningdek, 32 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 7 nafariga elektron nogironlik aravasi, 6 nafariga eshitish moslamasi, 9 nafariga qo‘ltiqtayoq, 7 nafariga ovozli termometr va 3 nafariga elektron tanometr topshirildi. O‘z xonadonida yakka tartibda ta’lim olayotgan 182 nafar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 63 nafar yetim o‘quvchilarga o‘quv qurollari yetkazib berildi.
– Tumanimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rib, bu yil bekorga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nomlanmaganini his qilyapmiz, – deydi Chaqar mahallasida yashovchi Shodiyor Bo‘tayev. – Bir hafta-o‘n kundan buyon har bir mahallada, qishloqda obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari bo‘lyapti. O‘zimizning qishloqni olaylik, o‘tgan asrda qurilgan simyog‘ochlar almashtirilyapti, qariyb ikki kilometr yo‘lni ta’mirlash boshlandi. Bir kilometrdan ortiq qismi asfalt bo‘lar ekan. Kecha yangi transformator o‘rnatishdi. Bizni qiynab kelayotgan shu ikki masala bor edi, mana bular ham hal etilmoqda. Xalqimiz, bu e’tibordan xursand albatta.
Mas’ullarning aytishicha, bundan keyin viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida Ishtixon namunasi bo‘yicha yangicha tizimda ish olib boriladi.
G‘olib HASANOV,
Alisher ISROILOV (surat)