Ishtixonlik xotin-qizlarga qariyb 36 million so‘mlik dori-darmon vositalari tarqatildi
Hududlarda xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab–quvvatlash maqsadida ishchi guruhlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Jumladan, Ishtixon tumanida olib borilgan o‘rganish ishlari jarayonida yordamga muhtoj xotin-qizlar ro‘yxati shakllantirilib, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Shu asosda ehtiyojmand xotin-qizlarni dori-darmon bilan ta’minlash uchun 35 million 900 ming so‘m, maishiy texnikalar bilan ta’minlash uchun 33 million 440 ming so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan tumanning 36 nafar xotin-qizlariga zamonaviy tikuv dastgohlari, 20 nafar muhtoj oilalarda istiqomat qiluvchi xotin-qizlarga dori-darmon vositalari yetkazib berildi.
– Yordamga muhtoj xotin-qizlarning uy-joylarini ta’mirlash uchun 69 million 378 ming so‘m mablag‘ ajratilgan, – deydi agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tuman kengashi raisi Matluba Muzrapova. – Bu mablag‘larga yordamga muhtoj xotin-qizlarning uylarini ta’mirlab olishlari uchun qurilish materiallari yetkazib beriladi. Hozirgi kunda yordamga muhtoj xotin-qizlarning uylarini ta’mirlashi uchun ishlatiladigan qurilish materiallari ro‘yxati shakllantirilmoqda.
Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati.