Islomshunos olimlar hattotlik san’atini rivojlantirish tarafdori
Payariq tumanidagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “O‘zbekistondagi qo‘lyozma fondlari: muhofaza qilish, kataloglashtirish va mutaxassislar malakasini oshirish” mavzusida ilmiy-amaliy va o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Islom hamkorlik tashkiloti (OIS) qoshidagi Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) hamkorligida o‘tkazilgan tadbir doirasida “Xalqaro islom hattotligi ko‘rgazmasi” ham tashkil etildi. Seminar ishtirokchilari dastavval markazdagi muzey va tarixiy qo‘lyozmalar fondi hamda hattotlar tomonidan yaratilgan ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Imom Buxoriy hazratlarining qo‘lyozma asarlari va ularning nusxalarini xorijlik mehmonlar katta qiziqish bilan tomosha qildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov mamlakatimizning turli hududlaridan yurtdoshlarimiz va qo‘shni davlatlardan mehmonlar kelib, ilmiy markaz va hadis ilmi maktabida yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishayotgani haqida gapirdi. Shuningdek, markazning qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan asarlarni o‘rganish va tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
– Ikki yil ichida bu muassasaning shunchalik obod bo‘lib ketishini kutmagandim, – dedi IRCICA tashkiloti bosh direktori Xolit Erin. – Bu, albatta, Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar samarasi. Bu esa barchamizni quvontirmoqda. Bugungi tadbir ham aynan muborak dinimiz haqidagi tarixiy kitoblar va qo‘lyozmalarning to‘g‘ri saqlanishiga qaratilgan. Qolaversa, keyingi paytlarda buyuk hattotlarning soni kamayib ketayotgani ko‘pchilikni tashvishga solyapti. Shu bois hattotlik san’atini rivojlantirish uchun hattotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni, ular bilan xalqaro hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirdik. Shu bilan birga barcha hattotlar o‘rtasida musobaqalar tashkil qilishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.
Seminarda kelgusi yilda Imom Buxoriy tavalludining 1250 yilligini o‘tkazib, unga dunyoning eng mashhur olimlari va hattotlarini taklif qilish haqida so‘z bordi.
– Butun olamga tarqab ketgan qo‘lyozma kitoblarimizning nusxalari bugun o‘zimizga qaytib kelmoqda, – deydi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi hattoti Habibullo Soliyev. – Bir necha asr oldingi kitoblardagi ajdodlarimizning qo‘lyozma mehnatlarini ko‘rib hayron qolyapmiz. Ularning mehnati har qancha tahsinga loyiq. Shuncha yildan buyon ustoz-shogird an’analari davom etib, biz ham shunday hunar egasi bo‘lishimiz, albatta, faxrlanarli hol. Bu sohani kengaytirishga, rivojlantirishga qaratilgan bugungi seminar kasbimga nisbatan muhabbatimni yanada oshirdi.
Tadbir tashkilotchilari esdalik tariqasida bir-birlariga muqaddas va tarixiy kitoblar hamda islomiy suratlar aks etgan fotoalbomlar topshirdi.
A.Po‘latov.