Issiqxonada pomidor-bodring yetishtirish uchun nimalarni bilish zarur?
Issiqxonada poliz shirasi va akatsiya shira o‘simliklarga katta zarar yetkazadi. Bu shiralar bilan zararlangan o‘simlik barglari bujmayadi, o‘sish sekinlashadi va hosildan qoladi. Bunday shiralar o‘simlik bargining orqasiga joylashib, tayyor ozuqa moddalarini so‘rib oziqlanadi. Bu shiralarda shunday odat borki, bahordan kuzgacha tirik lichinka tug‘ib ko‘payadi va kuzda qishlab qolish uchun 4-5 tadan tuxum qo‘yadi. Shu sababli ham shiralar bir mavsumda 16-18 marta avlod beradi.
Bu kabi shiralarga qarshi kimyoviy kurashda 2,5 foizli “Detsis” gektariga 0,5 litr, “BI-58” 1 l/ga yoki 20 foizli “Konfidor” 0,5 l/ga hisobida qo‘llaniladi. 50 foizli “Aktellik” va “Karbofos”ning 0,2 foizli hamda “Karate”ning 0,1 foizli eritmalarini purkash ham yaxshi samara beradi.
Shuningdek, issiqxonalarda namlikning ortishi, haroratning ko‘tarilishi tufayli un shudring va soxta un shudring kasali bodringga zarar keltirsa, pomidor barglarini qo‘ng‘ir dog‘lanish va fomoz ko‘proq zararlaydi.
Pomidorning fomoz kasalligi, ya’ni hosil bandining chirishi namlikning ortishi, chakki tomchilarining ko‘payishi natijasida paydo bo‘ladi. Meva bandida joylashgan gullarga ushbu tomchilar tushgach, gullari foma destriktiva turdagi zamburug‘lar orqali chiriy boshlaydi. Oqibatda gul bargi atrofi chirib, mevalar to‘kiladi. Issiqxonalarni tez-tez shamollatib turish va namlikning ortishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur. Bu kasallikka qarshi 70 foizli “Topsin-M” 1 kg/ga yoki “Mis kuporosi”ni 0,8 kg/ga hisobida 1 tonna suvga qo‘shib sepish lozim.
Bodringda un shudring va soxta un shudring, pomidorda qo‘ng‘ir dog‘lanish kasaliga qarshi 25 foizli “Bayleton” 0,12 kg/ga, “Oltingugurt” 4-6 kg/ga yoki 60,7 foizli “Previkur” 1,5 l/ga hisobida purkash mumkin.
Akram FOZILOV,
Samarqand viloyati o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi axborot xizmati.