Jaholatga qarshi ma’rifat ​

Samarqand viloyati matbuot uyida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur muassasa zimmasiga yuklatilgan vazifalar va ayni paytdagi faoliyat haqida ma’lumot berdi.

– Ilmiy xodimlarimiz tomonidan shu paytgacha “Imom Buxoriy ta’rifi”, “Odoblar xazinasi”, “O‘rta asr sharq allomalari ensiklopediyasi”, “Abdulhamid Keshiy hayoti va ijodi”, “Haqiqat niqobidagi yolg‘on”, “IShIDning botil g‘oyalari va ularga raddiyalar” kabi 20 ga yaqin kitob nashr qilindi, – deydi Sh.Ziyodov. – Hozirgi kunda Imom Buxoriy bobomizning uchta – “Birrul volidayn” (Ota-onaga yaxshilik qilish), “Xolq af’ol al-ibod” (Bandalar fe’llarining yaratilishi) va “Sulosiyot ul-Buxoriy” (“Sahihi Buxoriy” asaridagi sanadi uch roviyli hadislar) kitoblari tarjima qilinib, tahrir ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, zaminimizdan yetishib chiqqan ulug‘ allomalar hayoti va ilmiy-ma’rifiy faoliyatini o‘rganish borasidagi izlanishlar samarasida “Imom Buxoriy majmuasi” kitob-albomi, “Imom Buxoriy hayoti”, “Muhaddislar sultoni”, “Alouddin Usmandiy Samarqandiy hayoti va ilmiy merosi”, “Ibrohim Saffor Buxoriy hayoti va ilmiy merosi” kitoblari yaratilib, nashrga tayyorlanmoqda.

Bugungi kunda markaz tomonidan dunyodagi 14 ta yetakchi islom tadqiqot markazi va universitetlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan. Bundan tashqari, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, AQSh, Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Malayziya, Pokiston, Hindistondagi ilmiy markazlar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar ilmiy merosini o‘rganish maqsadida Malayziyaning Islom ilmlari universiteti, Islom sivilizatsiyasi instituti, Islomni anglash instituti bilan kelishuvlarga erishilgan. Saudiya Arabistonining Podshoh Abdulaziz universiteti, Sunnat va nabaviy merosni o‘rganish markazi yordamida xorijda saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalardan nusxa olish ishlari boshlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 11 yanvar kuni mazkur markazda bo‘lib, ushbu muassasa va bu yerda tashkil etilgan muzey kishilarga Imom Buxoriy bobomizning kim ekani, qanday ulug‘ ishlarni amalga oshirgani haqida yorqin tasavvur uyg‘otadigan maskan bo‘lganini ta’kidlagan edi. Shundan buyon bu yerga keluvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar safi kun sayin kengayib bormoqda. Markazda turli ma’rifiy suhbatlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, shu paytgacha 4 mingdan ortiq yurtdoshimiz va chet ellik mehmonlar markazda bo‘lib, uning faoliyati bilan tanishdi.

Matbuot anjumanida markaz xodimlari tomonidan joylarda “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari haqida ham batafsil ma’lumot berildi.