Jahon banki: Mehnat muhojirlari 2018 yilda o‘z vatanlariga jo‘natgan mablag‘ rekord summani ko‘rsatmoqda
Jahon banki hisobotiga ko‘ra, 2018 yilda mehnat muhojirlari rivojlangan davlatlardan o‘z yurtlariga $529 mlrd. dollar mablag‘ jo‘natganlar. Bu haqda kecha 8 aprel kuni e’lon qilingan Jahon banki hisobotlarida keltirilgan. 2017 yilda jo‘natilgan mablag‘ $483 mlrd. dollarni tashkil etgan edi va 2018 yilda o‘sish 9.6% bo‘ldi.
Jahon banki tahlilchilarining fikricha, mehnat muhojirlari jo‘natgan mablag‘ning 2017 yildagi ko‘rsatkichga qaraganda sezilarli oshishiga sabab birinchi navbatda AQShdagi iqtisodiy vaziyatning yaxshilanishi, shuningdek, Rossiya va Fors ko‘rfazi davlatlarida iqtisodiy vaziyat yaxshi bo‘lganida, deb baholamoqda.
Hisobotda Rossiyadagi mehnat muhojirlarining pul jo‘natmalari va MDHdagi vaziyat haqida batafsil yozilgan:
"MDH mamlakatlari uchun asosiy mablag‘ keltiradigan Rossiya iqtisodi 2018 yilda keskin tebranishlarsiz bir maromda ishlagani tufayli bu yerdan ko‘p pul jo‘natiladigan Ukraina va Markaziy Osiyo davlatlari, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston mehnat muhojirlarining pul jo‘natmalari 2018 yilda ancha o‘sdi. Ukrainaga dunyoning turli davlatlarida ishlab yurgan mehnat muhojirlari tomonidan umumiy hisobda $14 mlrd. dollar mablag‘ jo‘natildi va bu 2017 yildagi ko‘rsatkichdan 19% ga ko‘p", deyiladi hisobotda.