Jambuldagi avtobus avariyasida jabrlanganlar O‘zbekistonga olib kelindi

Qozog‘istonning Jambul viloyatida 20 aprel kuni yuz bergan avtobus avariyasi oqibatida jabrlangan to‘qqiz nafar O‘zbekiston fuqarosi O‘zbekiston FVV samolyoti bilan Vatanga olib kelindi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, tungi soat 02:00 da ular Qozog‘istondan reanimobillarda O‘zbekiston FVVning maxsus borti qo‘ngan Bishkek (Qirg‘iziston)ga olib kelingan. Samolyot mahalliy vaqt bilan 04:00 da Toshkentga uchgan, deya xabar bermoqda gazeta.uz.

Vatanga qaytarib olib kelingan fuqarolar ro‘yxati:

  1. Abbos O‘ljaboyev, 21.01.1994 yilda tug‘ilgan;
  2. Umirbek Hayitboyev, 22.06.1985 yilda tug‘ilgan;
  3. Radmila Ahmedova, 05.08.1994 yilda tug‘ilgan;
  4. Otabek Matchonov, 22.04.1985 yilda tug‘ilgan;
  5. Do‘stdjon Seytmurotov, 22.02.1987 yilda tug‘ilgan;
  6. Sardor Haydarov, 09.05.1994 yilda tug‘ilgan;
  7. Maris Ilyosov, 1974 yilda tug‘ilgan;
  8. Nasriddin Mambetov, 09.05.1971 yilda tug‘ilgan;
  9. Shodlik Jabborov, 25.12.1984 yilda tug‘ilgan,

Transportirovka qilishga ruxsat berilmagani bois, O‘zbekistonning yana bir fuqarosi — Marhamat Jumaniyozova (16.08.1996 yilda tug‘ilgan) Taroz shahar kasalxonasida shifokorlar nazoratida qolmoqda. YTH oqibatida tan jarohati olmagan ikki o‘zbekistonlik — Zavodbek Muhimjonov (21.04.1999) va Islomiddin Abdusatirov (8.01.1997 yilda tug‘ilgan), shifokorlar ko‘rigidan o‘tgach, voqea joyiga yetib kelgan qarindoshlari hamrohligida Olmaotaga ketgan.

O‘zbekistonning uch fuqarosi jasadi Qo‘rday markaziy tuman kasalxonasining o‘likxonasida qolmoqda:

  1. O‘rinboy Abduxoliqov, 04.11.1993 yilda tug‘ilgan;
  2. Alisher Kalmurotov, 30.12.1988 yilda tug‘ilgan;
  3. Dilorom Yormekboyeva, 1972 yilda tug‘ilgan

Shaxsini rasmiy aniqlash jarayoni o‘tkazilganidan so‘ng, Qozog‘iston tomoni jasadlarni O‘zbekiston chegarasi («Jibek jo‘li» — «G‘ishtko‘prik» NO‘P)gacha transportirovka qilib berilishini ta’minlaydi. O‘zbekiston Bosh konsulligi vakili tegishli kerakli ko‘mak ko‘rsatish uchun Qo‘rday qishlog‘ida bo‘lib turibdi.

Kuni kecha O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga asosan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha favqulodda vaziyatlar vaziri birinchi o‘rinbosari Abdulla Qo‘ldoshev boshchiligidagi hukumat komissiyasi a’zolari Qo‘rdayga tashrif buyurgan edi.

Eslatib o‘tamiz, salonida 49 nafar yo‘lovchi bo‘lgan avtobus ishtirokidagi YTH oqibatida 11 kishi, jumladan, 3 nafar O‘zbekiston va 8 nafar Qozog‘iston fuqarosi halok bo‘lgan, 30 nafar kishi tan jarohati olgan edi.

Hodisa munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidentiga, Qosim-Jo‘mart To‘qayev esa O‘zbekiston davlat rahbariga hamdardlik bildirdi.