Jamoat transporti yangi to‘lov tizimiga o‘tdi
2025 yilning ilk kunlaridanoq Samarqand shahar jamoat transportida o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Yashil shaharlar” loyihasi doirasida keltirilgan 100 ta elektrobusning barchasi yo‘nalishlarga chiqa boshladi. Shu paytgacha brutto shartnomasi asosida 8 ta yo‘nalishda 50 ga yaqin jamoat transporti harakatlangan bo‘lsa, endilikda yo‘nalishlar soni 12 taga, transportlar esa 150 taga yetkaziladi.
- Samarqand shahar transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish rejasiga asosan, shaharda 43 ta yo‘nalishdagi jamoat transporti brutto shartnomasiga o‘tkaziladi, - deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Tojiyev. – Hozirda elektrobuslar erkin harakatlanishi uchun keng va ravon yo‘nalishlar aniqlanib, maxsus yo‘laklar tashkil etilmoqda. Shuningdek, ular bilan yo‘lovchilar uchun juda qulay bo‘lgan brutto shartnomasi tuzish ishlari olib borilmoqda.
Ayni vaqtda 8 ta elektrobus M-1 sonli “Temiryo‘l vokzali - Xalqaro aeroport, 10 tasi M-2 sonli “Vatanparparvar” mahallasi – “Samarqand tuman markaziy shifoxonasi”, 8 tasi M-4 sonli “Temiryo‘l vokzali - Siyob bozori” yo‘nalishda, shuningdek, M-5, M15-sonli Temiryo‘l vokzalidan boshlanadigan xalqa yo‘nalishlarda, T3 va T4-sonli Kimyogarlar qo‘rg‘onidan boshlanuvchi halqa yo‘nalishlarda hamda M12-sonli “Hazora ABB-Siyob ABB” shahar avtobus yo‘nalishlarida yo‘lovchilarga transport xizmatini ko‘rsatmoqda.
Brutto shartnomasi tuzgan jamoat transportida harakatlanishi uchun yo‘lovchilar “ATTO” kartalaridan foydalanishi lozim. Chunki birinchi avtobusga chiqqan yo‘lovchi 1600 so‘m to‘lov qilsa, shu soatni o‘zida ikkinchi avtobusga minganida 400 so‘m yo‘l haqi to‘laydi. Agar yo‘lovchi 3 va 4 marta avtobusga minganida bepul harakatlanishi mumkin. Mazkur “ATTO” kartalarini “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati viloyat filialining barcha bo‘lim va shoxobchalaridan xarid qilish mumkin. Bank kartalari yoki naqd pul bilan yo‘l haqi to‘lovchilar 2 ming so‘mdan to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.
Brutto shartnomasi tuzgan avtobus haydovchilaridan kunlik tushum talab qilinmaydi. Chunki brutto shartnoma asosida ishlashda bosib o‘tilgan masofa va yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatilgani uchun to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Endi jamoat transportlari erta tong soat 6:00da yo‘nalishga chiqib, kech soat 21:00 gacha harakatlanib, so‘nggi yo‘lovchini ham o‘z manziliga yetkazib qo‘yishga majbur bo‘ladi. Ularning harakatlari GPS trekerlari bilan nazorat qilib borilmoqda.
Dilmurod To‘xtayev.