Janubiy kon boshqarmasining ko‘p sonli ishchilariga maxsus kiyimlarni nurobodliklar yetkazib berayotgani rostmi?
Nurobod tumanida 2009 yildan ish boshlagan Janubiy kon boshqarmasiga qarashli maxsus kiyimlar tikish sexida bugun davlat buyurtmasi hamda ichki bozor talablaridan kelib chiqqan holda 80 dan ortiq turdagi turli kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
O‘tgan yil mazkur sex va uning bo‘limlarida qiymati 6 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirildi. Jumladan, 2 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilib, 4 milliard so‘m uskunalar sotib olish va jihozlashga sarflandi.
Xitoy texnologiyasi asosida tayyorlangan mahsulotlar Janubiy kon boshqarmasi tarkibidagi korxonalarga yetkaziladi. Korxonada dastavval maxsus kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbariyati ko‘magi bilan 2020 yilda texnik qayta jihozlash dasturiga asosan sexga yangi tikuv uskunalari, kashtachilik va tikuv mashinalari olib kelinib, ichki kiyimlar, choyshablar, qishki va yozgi jiletlar, izolyasiya qilingan ko‘rtkalar hamda shimlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Yiliga 80 ming donadan ziyod turli bichimdagi kiyim-kechak ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada tayyorlangan sifatli va xushbichim mahsulotlar sifati iste’molchilarga manzur bo‘lmoqda.
- 170 ta zamonaviy tikuv mashinasida 322 nafar xotin-qiz va yigitlar doimiy ish o‘rni bilan band, - deydi sex rahbari Yelena Izmesteva. - Boshqarma tarkibidagi korxonalarga maxsus kiyimlar tikyapmiz. Ayni paytda buyurtmachilar uchun 7 ming dona tayyor mahsulot tayyorlash bo‘yicha ish olib boryapmiz. Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamkorligida xotin-qizlarning qisqa kurslarda o‘quvini tashkil etganmiz. Buning natijasida nurobodlik xotin-qizlar zamonaviy tikuv mashinalarini mohirlik bilan boshqarmoqda.
- 12 yildirki, shu sexda ishlayman, - deydi Dilorom Ergasheva. – Asosan dazmollash, chok ochish kabi ishlar bilan shug‘ullanaman. 3 million so‘mdan ortiq oylik olaman. Mehnat malakam oshib borgani sari ish haqim ham ko‘tariladi. Asosiysi, bekorchi emasman, ishlab oilamga nafim tegyapti.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbariyati tomonidan sexda xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilgan holda yangi loyihalarni amalga oshirish, buning evaziga ichki va tashqi bozorni sifatli, arzon mahsulotlar bilan ta’minlash imkonini bermoqda.
G‘ulomiddin Xo‘janov,
“NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi “Nurobod” hududiy boshqarmasi direktori o‘rinbosari.