Janubiy Koreyaga ishlash uchun imtihon topshirayotganlar ogohlantirilmoqda
Shu kunlarda Koreya Respublikasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagidagi fuqarolar uchun Toshkent shahrida EPS-Topik test imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda.
Test imtihonlarini adolatli o‘tkazish uchun Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan hamkorlikda barcha texnik va tashkiliy choralar ko‘rilgan.
Xususan, Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan test o‘tkazish uchun maxsus planshetlar keltirilgan bo‘lib, ushbu planshetdagi test savollari ishtirokchi qiyofasi avtomatik tarzda aniqlangandan keyin ochilishi (Face ID) tizimi ham joriy etilgan.
Shunga qaramay, bugungi kunga qadar boshqa fuqaro o‘rniga testga kirish va testda qo‘shimcha vositalardan foydalanishga urinish bilan bog‘liq 23 ta holat aniqlangan.
Ta’kidlash joiz, Inson resurslarini rivojlantirish xizmati talablariga muvofiq, test imtihoni qoidalarini buzgan fuqaro 3 yil davomida ushbu imtihonda qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi hamda qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortilishi mumkin.
Shu munosabat bilan imtihon jarayonida barcha tartib-qoidalarga rioya qilish so‘ralgan.