“Jartepa” bojxona postida kuniga o‘rtacha 2100-2200 nafar fuqaro bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmoqda

Samarqand viloyati Matbuot uyida bojxona organlarida “Xavfni boshqarish tizimining to‘liq joriy etilishi – halol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i, bojxona xizmati polkovnigi E.Salixov, boshliq o‘rinbosari J.Fayzullayev va boshqarma mas’ul xodimlari ishtirok etib, ommaviy axborot vositalari xodimlariga bojxona sohasida bo‘layotgan islohotlar, tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar va yengilliklar hamda viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil axborot berib o‘tishdi.
Bugungi kunda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasiga qarashli “Samarqand aeroporti” chegara bojxona postida 2018 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish bo‘yicha “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimi joriy etildi.
2018 yil davomida yo‘lovchilar 96,8 foizi “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan bo‘lsa, 2019 yil yanvar-may oyi davomida 97,5 foiz yo‘lovchi “yashil” yo‘lakdan, 2,5 foiz yo‘lovchi esa “qizil” yo‘lak orqali harakatlangan.
Ikki yo‘lakli tizim joriy etishdan oldin O‘zbekiston Respublikasiga Samarqand aeroporti orqali kirib kelishda 1 ta reysda uchib kelgan yo‘lovchilarga (150 - 190 kishi) bagajlarini qabul qilib, chegara va bojxona nazoratidan o‘tish uchun o‘rtacha 2 soatgacha vaqt sarflangan bo‘lsa, endilikda ushbu jarayon o‘rtacha 30-45 daqiqagacha bo‘lgan vaqtda amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, 2018 yil 1 martdan boshlab xalqaro maqomga ega bo‘lgan Samarqand viloyati Urgut tumanidagi O‘zbekiston-Tojikiston chegarasida joylashgan “Jartepa” chegara o‘tkazish punkti qayta o‘z faoliyatini boshladi.
“Jartepa” chegara bojxona posti ochilganidan joriy yilning may oyiga qadar kirishda 460 mingga yaqin, chiqishda 455 mingdan ortiq, jami 915 ming nafar yo‘lovchilar harakatlangan bo‘lib, kuniga o‘rtacha 2100-2200 nafar fuqaro bojxona ko‘rigi va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda.
Post orqali o‘tgan davr mobaynida jami 61 mingta, shundan kirishda 30 mingga yaqin va chiqishda 31 mingdan ortiq, kuniga o‘rtacha 140-150 ta avtotransport vositalari harakatlanmoqda. Bojxona xodimlari tomonidan har bir yengil avtomashina o‘rtacha 15-20 daqiqada ichida, yo‘lovchilar esa 7-9 daqiqa atrofida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari tadbirkor va haydovchilarga Davlat bojxona qo‘mitasining www.bojxona.uz rasmiy veb-saytining “Tadbirkorlar uchun zarur ma’lumotlar” rukni orqali chegara bojxona postlarida navbatda turgan avtotransport vositalari soni, bojxona yuk deklaratsiyalarining rasmiylashtiruvdagi holati va ochiq turdagi bojxona omborlari bo‘yicha onlayn ma’lumotlar olish imkoniyati yaratilgan.
Tadbirkorlik sub’yektlariga qulaylik yaratish, ularning vaqtlarini tejash maqsadida “Samarqand” TIF bojxona postining tarkibida “Urgut” EIZ punkti, “Ulug‘bek” TIF bojxona postining tarkibida “Kattaqo‘rg‘on” bojxona punkti hamda “Zarafshon” va “Jomboy” temir yo‘l stansiyalari hududida bojxona punktlari mavjud.
Bojxona tizimida 2018 yil 1 dekabrdan boshlab, “sariq” va “qizil” yo‘laklar hamda 2019 yil 1 martdan boshlab, “yashil” va “ko‘k” yo‘laklar ishga tushirildi.
Endilikda tadbirkorlar Davlat bojxona qo‘mitasining bojxona.uz saytidagi http://service.customs.uz havolasi orqali bojxona yuk deklaratsiyasining maqomi hamda uning qaysi yo‘lakka joylashtirilganligi to‘g‘risida ma’lumotlarni real vaqt rejimida olishlari mumkin.
Xususan, hozirda eksportda rasmiylashtirilgan tovarlarning 77% soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda. Ya’ni, bunda tovarlarga nisbatan bojxona ko‘rigi amalga oshirilmasdan faqatgina TIF ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida rasmiylashtirilib berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 noyabrdagi PF-5582-sonli Farmon talablariga asosan bojxona rasmiylashtiruvi vaqti to‘g‘risidagi statistik axborot har oyda barcha bojxona postlari kesimida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
Bugungi kunda tadbirkorlar va jismoniy shaxslar iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasining qisqa 11-08 raqamli va viloyat bojxona boshqarmasining (66)-233-63-00 raqamli “Ishonch telefoni” 24 soat davomida ishlashi yo‘lga qo‘yilgan.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillariga bojxona sohasi bo‘yicha ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishlari hamda kengroq maqolalar yoritishlari uchun viloyat bojxona boshqarmasining asosiy ko‘satkichlariga oid risola va bukletlar tarqatildi.
Jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga bojxonachilar batafsil javob berishdi. Anjumanda bojxona sohadagi islohotlarni tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tezda yetkazishda ommaviy axborot vositalarining ko‘magi kerakli ekani qayd etib o‘tildi.