“Jartepa”: Chegaradan salkam 1 million fuqaro o‘tib-qaytdi

Prezidentimiz tomonidan tashqi siyosat borasida amalga oshirilayotgan konstruktiv va o‘zaro manfaatga asoslangan jadal islohotlar natijasida Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan qo‘shni mamlakatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib, xalqlarimiz do‘stligi tobora mustahkamlanib bormoqda.

Xususan, 2018 yil 1 martdan boshlab xalqaro maqomga ega bo‘lgan Samarqand viloyati Urgut tumanidagi O‘zbekiston-Tojikiston chegarasida joylashgan “Jartepa” chegara o‘tkazish punkti qayta o‘z faoliyatini boshladi.

Bu yerda chegara orqali harakatlanuvchi fuqarolar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, kirish va chiqish zallarida isitish-sovutish tizimi jihozlangan, postda nogironlik va yuk tashishga mo‘ljallangan aravachalar mavjud.

O‘rnatilgan peshtaxtalarda esa fuqarolar o‘zlari bilan olib o‘tishi mumkin bo‘lgan tovar-moddiy boyliklar me’yorlari hamda valyuta qimmatliklari to‘g‘risida barcha ma’lumotlar o‘zbek, tojik va rus tillarida ko‘rsatib o‘tilgan.

“Jartepa” chegara bojxona posti ochilganidan shu kunga qadar, kirishda 460 mingga yaqin, chiqishda 455 mingdan ortiq, jami 915 ming nafar yo‘lovchilar harakatlangan bo‘lib, kuniga o‘rtacha 2100-2200 nafar fuqaro bojxona ko‘rigi va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda.

Post orqali o‘tgan davr mobaynida jami 61 mingta, shundan kirishda 30 mingga yaqin va chiqishda 31 mingdan ortiq, kuniga o‘rtacha 140-150 ta avtotransport vositalari harakatlanmoqda.

Bojxona nazoratini amalga oshirishda bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishning davomiyligini qisqartirishga ustuvor vazifa sifatida qaralib, bojxona xodimlari tomonidan har bir yengil avtomashina o‘rtacha 15-20 daqiqada bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda.

Bojxona nazoratini amalga oshirish maqsadida zamonaviy rentgen apparati (Rapiskan, Nuctech), kuzatuv kameralari, nazorat texnik vositalari va jihozlari bilan ta’minlanganligi fuqarolar hamda ularning yuklarini tezkor tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazish imkoniyatini bermoqda.

“Jartepa” chegara bojxona postida yaratilgan qulayliklarga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan belgilangan tartibni buzib, tovarlarni bojxona nazoratidan yashirincha olib o‘tish holatlari ham kuzatilmoqda.

Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘tgan davr mobaynida post orqali harakatlanayotgan fuqarolar tomonidan jami 320 ta bojxona qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlanib, umumiy qiymati 714 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklarining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi.

Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida 1 holatda 250 tabletka psixotrop moddalar, 1 holatda “marixuana” giyohvandlik vositasi, 28 holatda tamaki mahsulotlari, 11 holatda alkogolli mahsulotlar, 3 holatda taqiqlangan mazmundagi diniy materiallarning noqonuniy olib o‘tilishining oldi olindi.

Ayni paytda “Jartepa” chegara bojxona posti belgilangan tartibda ish faoliyatini davom ettirmoqda.

Samarqand viloyati bojxona

boshqarmasi axborot xizmati.