Jazirama issiqdan ehtiyot bo‘ling!
Shu kunlarda havo haroratining 40 darajadan yuqori ko‘tarilishi ayrim hamyurtlarimizning salomatligiga xavf solmoqda. Bundan, ayniqsa, surunkali kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar aziyat chekmoqda.
Xo‘sh, ular ko‘proq nimadan bezovta bo‘lmoqda? Yozning bunday jazirama kunlarida oftob urmasligi uchun nima qilish kerak? Qanday kiyinish va ovqatlanish lozim? Ushbu savollar bilan respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali shoshilinch terapiya bo‘limi mudiri Mo‘min Rofeyevga murojaat qildik.
- Hozirda shifoxonamizga kuniga 15-20 nafar yosh bolalar, 10-12 nafar katta yoshdagi bemorlar murojaat qilmoqda, - deydi M.Rofeyev. - Ular orasida oftob urushidan tashqari turli surunkali kasalliklar, jumladan, yurak-qon tomir, yurak ishemik kasalliklariga chalingan, qon bosimi yuqori bo‘lgan bemorlar ko‘proq uchramoqda. Bunday shaxslarga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. 3-5 kun ichida zarur muolajalar qilinib, xavf bartaraf etilgach, yana oilasi bag‘riga kuzatib qo‘yapmiz. Kuzatilayotgan bunday jazirama kunlarda birinchi navbatda boshni quyosh nuridan asrash muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari o‘tgan bo‘lib, issiqda bosh yalang yurganda bosh qizib, butun tanada issiq qon aylanib, oftob urishiga olib kelishi mumkin. Buning oqibatida tana haroratining ko‘tarilishi, terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va puls tezlashishi, bosh og‘rishi va aylanishi, ko‘ngil aynib qayt qilish, hushdan ketish holatlari kuzatilishi mumkin.
Viloyatimiz aholisi bunday anomal issiq kunlarida zarurat sezilganda bizning ilmiy markazimizga, uning tuman, shahar bo‘limlariga murojaat qilib, tunu kun tibbiy yordam olishlari mumkin.
Yurtdoshlarimiz oftob urushining oldini olish uchun iloji boricha bosh kiyim kiygan holda sayr qilishlari, kunlik ovqatlanish ratsioni esa yengil hazm bo‘ladigan taomlar hamda meva va sabzavotlardan iborat bo‘lishi, ko‘proq suyuqlik ichishlari lozim. Kofe, shirin gazlangan suvlarni iste’mol qilmasalar maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Shuningdek, quyosh nurini qaytaradigan, keng tikilgan va tanaga yopishib turmaydigan, havoni yaxshi o‘tkazadigan kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi. Kiyim tanlashda matoning rangiga ham e’tibor berish lozim. Chunki qora va jigarrang matodan tikilgan kiyimlar o‘ziga issiqlik va quyosh nurini ko‘p tortadi, shuning uchun oq rangli matodan tikilgan kiyimlar kiyish zarur.
Dilmurod TO‘XTAYEV.