Jazodan maqsad javobgarni tarbiyalashmi yoki undan o‘ch olishmi?
Ma’muriymi, jinoiy javobgarlikmi, qanaqa turdagi javobgarlik bo‘lishidan qat’iy nazar, u tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lishi lozim. Lekin jazo davlatga ishonchsizlik, jamiyatga nafrat, qonunlarga hurmatsizlik keltirmasligi kerak.
Jinoyat qonunchiligida jinoiy qilmishlar tur va toifalarga bo‘linadi: ijtimoiy xavflilik darajasi, qasddan yoki bexosdan ekanligi albatta inobatga olinadi. Ma’muriy qonunchilikda-chi?
Eng ko‘p ma’muriy javobgarlikka duch keladiganlar yo‘l harakati ishtirokchilari, aniqrog‘i haydovchilardir. Shuning uchun shofyorlar bilan YPX o‘rtasidagi tortishuv azaliy va abadiydir.
Gapni cho‘zmay, bir hayotiy voqea orqali qonunchiligimizning ayrim jihatlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Qonunchilikka taklif ma’nosidagi fikrimiz tushunarli bo‘lishi uchun voqeani batafsilroq bayon etishga harakat qildik.
Avtomashina egasi 3 yil oldin ishonchnoma bergan bo‘lsa, o‘zi boshqa shaharda bo‘lsa, ishonchnoma tugaganini va mashinani akasi minib yurganini bilmasa, bexabar holda MJtKning 135-2-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilishi adolatdanmi?..
Shuhrat ismli yigit ko‘p yillar Rossiyada ishlab yurdi. U yoqda o‘ynab yurgani yo‘q, bola-chaqasini boqish, 15 yildan buyon ota hovlida yashayotgan oilasi uchun alohida uy qurish uchun 10 yil musofirchilikda ishladi.
Kuzda keldi. Amal-taqal qilib bir uyni qurib ko‘chib chiqdi ham. Ukasiga tegishli “Damas”ni tirikchilik vajidan minib yurdi.
Bir kuni oila a’zolari bilan ziyoratdan kelayotganida bir avtomashina uning “Damas”iga kelib urildi, jiddiy yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi. Ko‘pchilik jarohat oldi, o‘zining oyog‘i sindi, mashina yaxshigina zarar ko‘rdi. Biroq, aybdor haydovchi na yordam berdi, na hol so‘radi. Shuhrat ancha vaqt kasalxonada yotib davolandi, keyin uyida yotdi. Asta-sekin oyoqqa turdi, mashinasini ham qarz-havola, do‘stlar, qarindoshlar yordamida ta’mirladi. Chunki, oilasini boqish, qarzlarini uzishning birdan bir vositasi shu.
To‘liq tuzalmasdanoq, rulga o‘tirdi. Ro‘zg‘or, qarzlar kutib turmaydi. Bir o‘rtog‘i Samarqand shahrida tadbirkorlik qiladi. Shuhratga yordam bo‘lsin, deb ishga taklif qildi. Uning vazifasi “Damas”da tayyor mahsulotlarni mijozlarga tarqatish.
Ishning ertasi kuni yana ishkal chiqdi. “Damas”ni YPX to‘xtatib hujjatlarini tekshirganda, Shuhratga berilgan ishonchnomaning muddati kecha tugaganligi ma’lum bo‘ldi, ya’ni YPX xodimi 17 aprel kuni to‘xtatgan, ishonchnoma muddati 16 aprel kuni tugagan ekan. Demak, hali 24 soat ham bo‘lmagan. Buning ustiga huquqbuzarlik qasddan sodir qilinmaganligi aniq ko‘rinib turibdi.
Katta ko‘ngilsizliklar bo‘lishini sezgan Shuhrat YPX xodimiga ahvolini tushuntirgan, “shu bugunoq to‘g‘rilayman, bilmay qoldim”, deb yalingan. Lekin tortishmagan! YPX xodimi “Bo‘pti uka, ko‘rinib turibdi, bilmay qolibsan. Shu bugunoq hujjatingni to‘g‘rilab ol”, deb yuborsa davlat va jamiyat manfaatlariga katta zarba bo‘lmasdi. YPX xodimining vazifasi huquqbuzarliklarning oldini olish, bartaraf qilish. Buning uchun faqat jarima solish emas, qoidabuzarlik turi, sodir qilinish holati, qasddan yoki bilmasdan sodir qilinishiga qarab ogohlantirish orqali tuzatish ham mumkin. Lekin YPX xodimi o‘z vazifasini sadoqat bilan bajargan va mashinani jarima maydonchasiga qo‘ygan. Qonun va odamgarchilik zid kelib qolganda mansabdor hayotiy tajribasiga tayanib vaziyatga insoniy baho bera olishi kerak.
Haydovchi qoidani buzgan bo‘lsa, jarimasini to‘lashi kerak. Lekin qachon? Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda “haydovchining avtomashinasi jarima maydonchasida kamida 3-5 kun turishi shart! Haydovchi sodir qilgan huquqbuzarligi uchun jarima maydonchasi egasiga ham otning kallasidan pul to‘lashi kerak” degan norma yo‘q! Lekin birorta haydovchi “shtrafstoyankadan” bir-ikki kunda mashinasini olib chiqolmaydi (ayrim “kuchli”lar bundan mustasno). Tizim shunday qilinganki, YPX xodimi shu kuni kechqurun, xohlasa ertasiga huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani ishxonasiga topshiradi. U yerdagi ma’muriy amaliyot bo‘limi ikki-uch kunda tegishli manzilga yuboradi. Xullas, bu jarayon uch-to‘rt kunga cho‘ziladi. Eng kamida! Haftalab, oylab cho‘zilib ketishi ham yangilik emas. Bu paytda avtomashina jarima maydonchasida turaveradi, maydoncha egasi esa kun sanayveradi. Mashina qancha ko‘p tursa, unga shuncha yaxshi! Oddiy avtoturargohda narx 2000-3000 so‘m, jarima maydonchasida 15000 so‘m. Nimaga? Ikkalasi ham mashinani bir xil qo‘riqlayapti-ku? Haydovchi qoidani buzgan bo‘lsa, qonun oldida javob berib davlatga jarima to‘laydi. Lekin “shtrafstoyanka” xo‘jayiniga ham javob berishi kerakmi? Uning qaysi qarindoshini xafa qildi?
Buning ustiga YPX xodimlari xatti-harakati, hujjatni ijroga qaratishga shoshilmasligi avtomashina “shtrafstoyanka”da ko‘proq turishiga qaratilgandek fikr paydo bo‘ladi. Ular bir-biriga qarindoshmikin yoki o‘rtalarida biror moddiy munosabat bormi?
Xuddi shunday Shuhratning ham ovora-sarsonchiligi oshib ketdi. Har kuni “GAI”ga qatnaydi. Javob bitta: “Protokol kelgan emas!”. Qoidabuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma bir haftada keldi! Mashina bir haftadan buyon jarima maydonchasida turibdi. Endi Shuhrat ham jarima to‘laydi, ham “stoyanshik”ka yaxshigina pul beradi. Nega? “Protokol” bir hafta kechikib kelgani uchun ham jabr ko‘rishi kerakmi?
Masalaning yana bir tomoni paydo bo‘ldi. Nihoyat, “protokol” kelganda jarima to‘lagani borsa, ma’muriy amaliyot xodimi “mashina egasini ham chaqir, unga ham 5 oklad jarima qilamiz”, deb oyoq tirab turibdi. Yalinishlar, iltimoslar, ahvolni tushuntirishlar befoyda ketdi. Chunki qoida shunaqa!
Haydovchi oddiygina e’tiborsizligi tufayli ikki million so‘mdan ortiq pul to‘lashi kerak! To‘g‘ri u aybdor, buni tan olib turibdi. Lekin inson xatodan xoli emas, jazo qilmishga yarasha bo‘lishi kerak emasmi? Ishonchnoma uch yil oldin berilgan, bu orada u Rossiyaga borib kelgan. Shundoq boshidan oshib yotgan tashvishlari tufayli e’tiborsizlik qilib, ishonchnomasi muddati tugaganini sezmay qolgan. Bo‘pti, xatosini tan olib eng kam ish haqining besh barobarini to‘lashga rozi. Shu pulni ham kelgusidagi ish haqlari hisobidan tadbirkor do‘stidan qarz oldi. Lekin qo‘shimchasiga mashina egasi uchun ham besh barobar, “protokol” bir hafta kelmagani uchun stoyankaga qanchadir pul to‘lashi kerakmi?
Avtomashina egasi o‘zining tug‘ishgan ukasi. U akasi Shuhratga 3 yil oldin ishonchnoma bergan, hozir o‘zi boshqa shaharda. Ishonchnoma tugaganini va mashinani akasi minib yurganini bilmasa, bexabar holda MJtKning 135-2-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilishi adolatdanmi? Avtomashinani boshqarishga huquqi bo‘lmagan shaxsga mashinasini berib, “haydab yuraver, men javob beraman” deb o‘zi voqeada ishtirok etgan bo‘lsa boshqa gap edi.
Bu hayotiy misol. O‘sha yigit hozir kechayu kunduz rulda yuribdi, qarz to‘layapti. Yangi ko‘chib chiqqan chala-yarim uyida bola-chaqasi yeyman-ichaman, deb turibdi, eski qarzlari navbat kutayapti.
To‘g‘ri, YPX xodimlari bu jarimalarni kamaytirolmaydi, ularda bunday vakolat yo‘q. Ularning qo‘lida qat’iy belgilangan normalar, qoidalar bor. Faqat ma’muriy sud orqali vaziyatga xolisona baho berib jarimani kamaytirish imkoni bor. Lekin, birinchidan mashina yana bir necha kunlab “shtrafstoyanka”da yotadi, ikkinchidan o‘zi shundog‘am haftalab ovora-sarson bo‘lgan haydovchi sudga qatnashdek asabbuzarlikdan bezib, taqdirga tan beradi. Yoki huquqiy bilimlari yetishmaydi. Xo‘sh, necha foiz haydovchi jarimaning haddan tashqari yuqori ekanligi masalasida sudga murojaat etibdi? Ko‘rsatkich foizi juda kam. Demak, bu amaliyot ham anchagina islohotlar talab qiladi.
Xullas, hammasi 2,5 millionga aylanayapti. Bu pul kimlargadir arzimasdir, lekin amal-taqal qilib mashinasini g‘ildiratib ro‘zg‘or tebratayotgan haydovchilarning hayotini ostin-ustin qilib tashlaydi! Kuniga 50-60 ming so‘m topadigan haydovchi buncha pul uchun necha oy, necha kun ishlashi kerak? Bu paytda oilasi yemay-ichmay kutib turadimi? Shunda ham mashinasi buzilmay tursa, yana “GAI”ga tushib qolmasa...
Jazo sal oshib ketmayaptimi? Xato qilganni ezib tashlash kerakmi? Nahotki, qasddan sodir qilingan huquqbuzarlik bilan bexosdan sodir qilinganini farqi bo‘lmasa?
Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar keskin oshirildi. Natijada, haydovchilarning hushyorligi oshib yo‘l-transport hodisalari kamaygani ham haqiqat. Spirtli ichimlik ichib rulga o‘tirsa, rulda telefonda gaplashsa va hakozo qasddan sodir qilingan qoidabuzarliklar uchun jazolar qat’iy bo‘lishi to‘g‘ri. Lekin qasddan qilinmagan qoidabuzarliklar uchun jazo tayinlashda insonparvarlik mezonlari, qoidabuzarning ijtimoiy ahvoli ham hisobga olinishi kerakmikan.
Yuqorida ta’kidlanganidek, aholimizning katta qismi avtomashinasi tufayli ro‘zg‘or tebratmoqda. Ularning asosiy qismi kechagi migrantlar. Shu toifadagilar qasddan qoidabuzarlik qilmaydi, topgan har bir so‘mini qadrlaydi. Lekin yuqoridagi holatga tushib qolib, topganini oilasiga emas, davlatga to‘layapti va yana Rossiyaga ravona bo‘layotgani ham bor gap.
Sal xatoga bor-budini tortib olib, qattiq jazolayversak amallab mashina minib, ro‘zg‘orini tebratib yurganlar bir dunyo qarzni bo‘yniga olib yana chetga ishlash uchun yo‘l oladi. Albatta, samolyotga puli yetmay avtobusda ketadi. Qozog‘iston yo‘llarida avariya bo‘lmay, poyezdlar tagida qolmay, avtobusda yonib ketmay, muzlab qolib bo‘rilarga yem bo‘lmay yetib olsa yaxshi. Lekin Rossiyada ham hech kim uni quchoq ochib kutib turgani yo‘q.
Xo‘sh, qonunlarimiz va qonunchilarimiz qay darajada insonparvar? Qonun ijrochilari vaziyatni to‘g‘ri baholay oladigan darajada hayotiy tajribalimi yoki “qahri qattiq qahramon”larmi? Bu bilan nimaga erishamiz? Yurtboshimiz mehnat migrantlarini kamaytirishga harakat qilayotgan bir paytda qonunni shafqatsiz qurolga aylantirib qahramonlik qilamizmi? Aybdorlardan maza qilib o‘ch olamizmi?
Yana ta’kidlaymiz: jazo qilmishga yarasha bo‘lishi lozim. Jazo davlatga ishonchsizlik, jamiyatga nafrat, qonunlarga hurmatsizlik keltirib chiqarmasligi kerak. Lekin qoidabuzarliklarni tur va toifalarga bo‘lish, sodir qilinish holatiga ham e’tibor qaratish kerak! Qasddan sodir qilinmagan qoidabuzarliklarga jarimalarni liberallashtirish kerak.
Sadriddin NABIYeV,
jurnalist.