Jinoyat ishlarining 12 foizi firibgarlik bilan bog‘liq
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand va Jizzax viloyatlari sudlari sudyalari, prokuratura, ichki ishlar boshqarmalari mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida mintaqaviy seminar o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2017 yil 11 oktyabrdagi “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori, ushbu toifadagi jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov va sud amaliyotida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf qilish hamda yagona sud amaliyotini shakllantirish masalalari muhokama etildi.
Ta’kidlanishicha, bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkka tajovuz qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar orasida o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlari o‘sishi tendensiyasi kuzatilmoqda. Shu sababli firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari soni viloyat sudlari tomonidan ko‘rilgan ishlarning 12 foizini tashkil qiladi.
2018 yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudlari tomonidan 591 shaxsga nisbatan 501 ta firibgarlik jinoyati bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. 491 shaxsga nisbatan hukm chiqarilgan va 100 kishiga nisbatan yuritilgan ishlar harakatdan tugatilgan. Jazo tayinlangan 474 shaxsdan 73 nafariga jarima, 250 nafariga axloq tuzatish ishlari jazosi, 42 nafariga ozodlikni cheklash, 109 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.
– Sud amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, firibgarlik jinoyatini sodir etayotgan shaxslar fuqarolarni aldashning yangi-yangi usullaridan foydalanmoqda, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisining o‘rinbosari O‘.Mamadaliyev. – Ularning jinoyatini fosh etish va harakatlariga to‘g‘ri huquqiy baho berish uchun tergovchi va sudyalar o‘rtasida tajriba almashish muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan ushbu seminar mashg‘ulotlari kasbiy mahoratimizning oshishiga, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qiladi.
Seminarda surishtiruv, tergov va sudda firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha dalillarni to‘plash va ularga hamda aybdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berishda moddiy va protsessual qonun normalariga, Oliy sud plenumi qarorlariga qat’iy rioya qilish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada yuzaga kelayotgan muammolar, xato va kamchiliklar tahlil qilindi.