Jinoyat qidiruv xodimiga 11 million so‘m pora taklif qilgan shaxs qo‘lga olindi

23 aprel kuni Navoiy viloyati IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbir davomida 1959 yil Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, muqaddam sudlangan, ma’lumoti o‘rta, oilali, ayni paytda Navoiy shahri, Me’morlar ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.Q. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan «Matiz» rusumli avtomashinasini maxsus ruxsatnomasiz Navoiy shahri Inspektorlar ko‘chasida boshqarib, tanishi – 1990 yil Navoiy viloyati Navbahor tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti o‘rta, oilali, tumandagi Navbahor MFYda yashovchi fuqaro P.L.ga 40 litr dizel yoqilg‘isini 240 ming so‘mga baholab, noqonuniy ravishda sotayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi. Sh.Q. avtomashinasining yukxonasidan yana 40 litr dizel yoqilg‘isi hamda 5 million 960 ming so‘m pullar tekshirib ko‘rish uchun xolislari ishtirokida hujjatlashtirildi.

Taassufki, mazkur qoidabuzarlik keskin qonunbuzarlikni yuzaga keltirdi. Sh.Q. o‘ziga uzoq yillar davomida qo‘l kelgan qing‘ir tajribasini bu gal ham qo‘llashga urindi.

IIB JQB xodimi holat noqonuniy ekanligini bir necha bor tushuntirishiga qaramasdan, fuqaro rasmiylashtirilgan hujjatlarni ijobiy hal qilib berishini so‘rab, pora taklif qildi.

Tushuntirish ishlari samara bermasligini anglagan soha xodimi o‘z vaqtida rahbariyatni vaziyatdan voqif etdi.

IIV O‘XB Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida, qoidabuzar umumiy qiymati 10 million 960 ming so‘m pullarni IIB JQB xodimiga berayotgan vaqtda tezkor tadbir qatnashchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun Navoiy viloyati prokuraturasiga yuborildi, deb xabar berdi Navoiy viloyati IIB axborot xizmati.