Jomboy tuman adliya bo‘limi pochta orqali vaqtida egalariga yetkazilmagan aliment pullarni aniqladi
Aliment to‘lamaydigan otalar haqida ko‘p gapirilayapti, ammo aliment to‘lasa-da manziliga yetmayotgan pullar bor ekan. Pochta bo‘limlari aliment pullarni o‘z vaqtida yetkazib bermayotgani yuzasidan fuqarolar tomonidan ko‘plab murojaatlar tushgan.
Jomboy tuman adliya bo‘limi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda, pochta bo‘limidan aliment pullarini o‘z vaqtida qabul qiluvchilarga topshirmaslik bo‘yicha murojaatlar ko‘p kelib tushganligi ma’lum bo‘ldi.
Shunga asosan, Bulung‘ur tumanlararo pochta aloqa bo‘limida aliment puli mablag‘larining pochta o‘tkazmalarini topshirish ahvoli monitoring asosida o‘rganib chiqildi. Tekshiruv davomida Jomboy tumanidagi shahar va qishloqlarga xizmat ko‘rsatuvchi aloqa bog‘lamalari tomonidan jami 65 382 500,40 so‘m aliment puli mablag‘larining pochta o‘tkazmalari o‘z vaqtida manzilga topshirmaganligi aniqlandi. Bu haqda “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand viloyat filiali direktori nomiga taqdimnoma kiritildi.
Taqdimnomaga asosan, Jomboy tumanidagi shahar va qishloqlarga xizmat ko‘rsatuvchi pochta aloqa bog‘lamalari tomonidan yetkazib berilmagan jami 65 382 500,40 so‘m pul mablag‘lari egalariga topshirildi.
Bekzod Jumaboyev,
Jomboy tuman adliya bo‘limi boshlig‘i.