Jomboy tumanining Xitoybola qishlog‘idan 1700 yillik ko‘zalar topildi
Bir necha yil avval tumanning Nogahon qishlog‘ida qadimiy tangalar, kulolchilik namunalari qayd etilgan edi. Yaqinda Xitoybola qishlog‘ida shu kabi holat kuzatildi. Dala maydonidan topib olingan ko‘za parchalari milodiy III-IV asrlarga oidligi aytilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirda fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yer maydoni o‘rnida qachonlardir ko‘hna tepaliklar bo‘lgan. Sobiq tuzum davrida paxta siyosati sabab tekislanib, ekin maydonlariga qo‘shib yuborilgan. Fermer xo‘jaligi ishchilari g‘alla sug‘orish jarayonida yer sathiga chiqib qolgan sopol parchalarini ko‘rib qolishadi. Qishloq ziyolilarining sa’y-harakati bilan arxeologlar jalb etilib, hududda qisqa o‘rganish o‘tkazildi.
– Xitoybolada aniqlangan sopol parchalari va inson suyagi qoldig‘i ko‘zdan kechirildi, dastlabki xulosalar milodning ilk asrlariga tegishliligidan darak beryapti, – deydi Milliy arxeologiya markazi ilmiy xodimi S.Xo‘jamov. – O‘sha davr odamlarining urf-odatlariga nazar solsak, jasadni oziq-ovqat va moddiy boyliklar bilan dafn etishganini ko‘ramiz. Qolaversa, ko‘za parchasining yasalish uslubi ham milodiy III-IV asrlarga taalluqli. Bu boshlang‘ich xulosa, hudud jiddiy tadqiq etilishi kerak.
Darhaqiqat, yurtimizdagi ko‘pgina tarixiy manzillar hanuzgacha o‘rganilgani yo‘q. Afsuski, bir vaqtlar o‘n besh mingtadan ortiq bo‘lgan katta-kichik tepaliklar tobora nurab, yo‘qlik sari yuz tutmoqda. Ayrimlari “tadbirkor”lar tomonidan egallab olinayotgani achinarlidir. Shu yerlik mehnat faxriysi Rabbimqul Islomovning aytishicha, Xitoybola qishlog‘ining o‘zida qachonlardir o‘nlab qadimiy tepaliklar bo‘lgan. Bugungacha saqlanib qolganlari ham og‘ir ahvolda.
O‘ylaymizki, millat tarixini saqlab qolish, o‘rganish, kelajak avlodga yetkazish uchun mas’ul bo‘lgan soha vakillari bu borada zarur choralar ko‘radi.
Dilmurod Mahramov,
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Jomboy tumani kengashi “Yoshlar qanoti” raisi.