Jomboyda avtostoyanka yo‘q: Ko‘chaning istalgan joyi bu vazifani bajaryapti

So‘nggi bir yilda harakat xavfsizligini ta’minlash, YPX xodimlari va haydovchilar o‘rtasidagi munosabatni tartibga solish borasida dadil islohotlar bo‘ldi. Garchi ularning ayrimlari (inspektorlarning videoqayd etish qurilmalari bilan xizmat olib borishi kabi) vaqtida amalga oshmagan, muddati cho‘zilgan bo‘lsa-da, islohotlarni inqilobiy baholash mumkin.

Tizimda hal etilishi zarur bo‘lgan yana bir muammo borki, uni yechmay turib, harakat xavfsizligini to‘laqonli ta’minlash qiyin. Gap yo‘l belgilari bilan bog‘liq tushunmovchiliklar haqida boryapti.

Keling, buni tumanimiz misolida olaylik. Masalan, temir yo‘l kesishmasi xavfsizlikni ta’minlash borasida eng murakkab nuqtalardan biri. Shukur Burxonov ko‘chasi (Jomboy maishiy xizmat kasb-hunar kolleji) tomondan tuman markaziga o‘tishi kerak bo‘lgan haydovchi ikki xavfga duch keladi. 

Samarqand shahridan kelayotgan boshqa avtotransport vositalari zarurat bo‘lsa, temir yo‘l kesishmasi tomon qayrilib olishi mumkinmi? Bu savolga ko‘pchilik “Yo‘q”, deb javob beradi. Ammo yaqin orada “Burilish mumkin emas” ishorasini beruvchi yo‘l belgisi o‘rnatilmagan. Bu esa amalda kesishmadan o‘tib kelayotgan haydovchiga birinchi xavfni tug‘diradi.

Ikkinchisi, Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi qarshisiga o‘rnatilgan “To‘xtash taqiqlanadi” belgisi bilan bog‘liq. E’tibor bergan bo‘lsangiz, mazkur yo‘l belgisi ostiga “100 metr” izohi ham yozib qo‘yilgan. Demak, bundan faqat sud idorasi yaqinida avtoulov to‘xtashini cheklash maqsad qilingan. Aslida, ancha oldinroqda – “Agrobank” binosi qarshisidan bu tartib amal qilgani maqsadga muvofiq edi. Ana shunda temir yo‘l kesishmasidan o‘tib kelgan haydovchilar uchun ikkinchi xatarning oldi olingan bo‘lardi.

Modomiki, gap yo‘l belgilari haqida borar ekan, yana bir og‘riqli muammoni chetlab o‘tolmaymiz. Tuman markazi bo‘ylab o‘tgan yo‘ldagi tartibsizliklar...

Ahvol svetofor yaqinidan hokimlik binosi qarshisigacha davom etishi achinarli, albatta. Ammo haydovchilarni ayblay olmaysiz. Chunki, hududda to‘xtash taqiqlanmagan. Har holda bunday belgiga ko‘zingiz tushmaydi. Boringki, bunday belgi o‘rnatilgan taqdirda ham biror ijobiy samara berishiga ishonish qiyin. Vaziyat aniq nazoratga olinib, qoidabuzarlarga chora ko‘rilmasa, bundan ish chiqmaydi. 

Masalan, yo‘lning narigi tomonida xuddi shunday ishora beruvchi belgi bor. Ammo hech kim bunga amal qilmaydi! Peshtoqiga “Idora ashyolari”, “Avia-kassa”, “Go‘zallik saloni” deb yozib qo‘yilgan do‘konlar oldida deyarli har daqiqada to‘xtab turgan avtomashinalarga ko‘zimiz tushadi. Vaholanki, o‘sha yo‘lning boshiga taqiqlovchi belgi o‘rnatilgan. Demak, taqiq belgisi bo‘ladimi-bo‘lmaydimi, nazorat yo‘q ekan, tartib ham yo‘q.

Aslida, bu tartibsizliklar Yoshlar bog‘iga eltadigan yo‘lda ham, Archazor xiyobonida ham kuzatiladi. Ammo hozircha, bu vaziyat mas’ullarni qiziqtirmayapti. 

O‘ylashimizcha, muammoga yechim bor. Hammasi avtoturargoh yetishmasligiga borib taqaladi. Umuman olganda, Jomboyda “pichoqqa ilingulik” turargohlar mavjud emas. Darvoqe, yaqinda Archazor xiyoboniga kiraverishda “P” ishorali belgi o‘rnatilibdi. Fahmlashimizcha, endi bu yer xiyobon emas. Manzil aytishda “Archazor stoyankasi”, deb yuritsak ham bo‘laveradi.

Hali tuman prokuraturasi, IIB joylashgan ko‘chada “xizmat avtomobillaridan tashqari kirish taqiqlangan”iga qaramay, shaxsiy avtotransport vositalari qalashib yotganini aytmadik.

O‘ylaymizki, mas’ullar shu kabi muammolar yechimiga ham vaqt topishadi.

Orifjon ODILOV,

Jomboy tongi” muxbiri.