Jomboyda fermer suv uchun sarson. Nega?
2012 yilda Jomboy tumanining «O‘zbekiston» muqobil mashina traktor parki hududidan 42 gektar yer maydoni olib “Po‘latov Ozodjon” fermer xo‘jaligini tashkil etgandik. O‘tgan yillar davomida davlat shartnoma rejalarini, ayniqsa, g‘alla rejasini ortig‘i bilan bajarib kelyapmiz.
2020 yil kuzda 2021 yil hosili uchun 25 gektar maydonga g‘alla ekdik. Sentyabr oyida ochiq maydonga ekilgan g‘allani o‘z vaqtida sug‘orib undirib oldik, ammo 12,5 gektar maydonga paxtaning o‘rniga ekilgan g‘allani sug‘orishning imkoni bo‘lmadi. 8 gektar maydonni artezian qudug‘i yordamida sug‘ordik, biroq 4,5 gektar maydonga oktyabr oyida ekilgan g‘alla sug‘orilmasdan qoldi. Kuz va qish faslidagi qor-yomg‘irlar tufayli g‘alla yer ostida nishladi, ammo unib chiqish uchun yetarli suv berolmadik.
4,5 gektar g‘alla maydonini sug‘orish uchun suv berishlarini so‘rab Prezident qabulxonasi, Bosh Vazir qabulxonasi, tuman hokimi, agrar sohadagi mas’ullar, tuman xalq qabulxonasi, tuman agroinspeksiya, tuman qishloq xo‘jalik, suv xo‘jalik bo‘limlari va boshqa mas’ullarga murojaat qildim, natija bo‘lmadi. 2020 yil noyabr oyidan buyon qilgan murojaatlarimga bir xil javob olaman: “Kanalda ta’mirlash ishlari bo‘layotganligi uchun ikki-uch kunda sizning xo‘jaligingizga suv beriladi...”.
Ammo bizning xo‘jaligimizga suv keladigan kanalda hech qanday ta’mirlash ishlari bo‘layotgani yo‘q. Bo‘lganda ham biz bilan bir ariqdan suv oladigan Chimqo‘rg‘on mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi o‘ndan ortiq fermer xo‘jaliklariga zarur bo‘lmagan paytda ham suv ochiq turadi, hosilimiz nobud bo‘layotgan bo‘lsa-da, bizning “Oqariq”qa suv ochilmaydi. Sababi, shu ariqdan suv oladigan xo‘jaliklar SIU tashkiloti mas’ullariga avval ma’lum miqdorda mablag‘ yig‘ib berardik. Endi bu ishni qilmaganligimiz uchun suv berish turli bahonalar bilan to‘xtatib turilibdi.
Yanvar oyida Jomboy tumani suvdan foydalanuvchilar uyushmasi rahbari Abdumutal Rizayevga suv berishda yordam so‘rab murojaat qilganimda u kishi oldindan suv uchun 1,5 million so‘m to‘lashimni aytdi. Fevral oyida bankka aytilgan mablag‘ni to‘lab, suv olish uchun ariza ham berdim, lekin haligacha suv berilgani yo‘q.
Fevral oyi issiq kelib, yerni qotirib yubordi, ikki kunlik yomg‘ir yer yuzini namlantirdi, ekilgan g‘alla esa unib chiqmay, chirib ketyapti. Har yili xo‘jaligimizning g‘alla maydonlaridan 60 sentnergacha hosil olamiz, ishchilarga mehnat haqini ham g‘allaning rejadan ortgan qismidan to‘laymiz. Dehqonchilikda mavsumning har bir kuni g‘animat. Endi suv qo‘yganimizda ham ko‘p borsa 25-30 sentnerdan hosil olamiz-ku. G‘alla, avvalo, el rizqi, fermerning, qolaversa xalqning daromadi-ku. Nega tumandagi mas’ullar el rizqidan o‘z manfaatini bu qadar ustun qo‘yadi?
Said Yoqubov,
Jomboy tumanidagi “Po‘latov Ozodjon” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi.
Tahririyatdan: Murojaatga aniqlik kiritish maqsadida 3 mart kuni Jomboy tumani suvdan foydalanuvchilar uyushmasi rahbari Abdumutal Rizayev bilan bog‘landik. Mas’ul o‘sha katta yo‘lning bo‘yidagi maydonlarda umuman suv ichmagan va unib chiqmagan g‘alla maydoni yo‘qligini va shunda ham ikki kunlik kanal ta’mirlash ishlaridan so‘ng xo‘jaliklarga suv berilishini aytgandi. Ammo bugungacha ham “Oqariq”dan suv oladigan xo‘jaliklarga suv berilmagan, g‘alla unib chiqmagan maydonlar esa shundoq katta yo‘l bo‘yida joylashgan. Ayting, buni qanday tushunish mumkin?