Jomboydagi maktab filialida atigi 2 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Ammo 5-8 kilometrdan qatnaydigan o‘quvchilar uchun filial zarur

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov rahbarligida boshqarma bo‘lim boshliqlari, tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida ZOOM platformasi orqali navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Onlayn yig‘ilishning kun tartibiga muvofiq maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash ishlarini sifatli bajargan holda, o‘z vaqtida yakuniga yetkazish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, maktab bitiruvchilarining OTMga o‘qishga hujjat topshirishi va imtihonlarda ishtirokini ta’minlash va boshqa masalalar muhokama qilindi.

S.Usmonov maktab bitiruvchilarining OTMga o‘z ixtiyori bilan, yo‘nalishni to‘g‘ri tanlagan holda hujjat topshirishi, imtihonlarda ishtiroki xalq ta’limi bo‘limi mudiri bilan birgalikda, har bir direktorning zimmasidagi dolzarb vazifa ekanligini ta’kidladi. Bitiruvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichlari oshishi, o‘tgan yilgi natijalarning yaxshilanishi bevosita ushbu muhim jarayonga bog‘liq ekanligini qayd etib, natijalarga ko‘ra, direktorlar faoliyatiga baho berilishini eslatib o‘tdi. O‘z navbatida, OTMda o‘qish istagini bildirmagan bitiruvchilarni hamda 9-sinfni bitirgan o‘quvchilarni tavsiya asosida kasb-hunar maktablariga yo‘naltirish kelgusida ishsizlikning oldini olishi, yoshlar bandligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Boshqarma bo‘lim boshlig‘i Qo‘ldosh Saidov viloyatda umumta’lim maktablarining filiallari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, bu boradagi umumiy ahvol xususida to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi 151 ta maktabning 188 ta filiallari mavjud bo‘lib, ularda jami 7888 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Filiallarning ba’zilarida asosiy maktab bilan oraliq masofasi nisbatan yaqin, o‘quvchi soni kam bo‘lishiga qaramasdan faoliyat olib borilmoqda. Achinarlisi, ayrim filiallarning binolari yaroqsiz. Misol uchun, Jomboy tumanidagi 16-maktabning 1 ta filialida atigi 2 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Asosiy maktabga esa oraliq masofa 2 kilometrni tashkil qiladi. Yoki Oqdaryo tumanidagi 30-, 34-, 40- va 41-maktablarning filiallarining binosi foydalanishga yaroqsiz, aniqrog‘i avariya holatiga kelib qolgan.

— Maktabga nihoyatda uzoq, aniqrog‘i, kamida 5-8 kilometrdan keladigan o‘quvchilar uchun filiallar zarur. Ammo 2-3 nafar o‘quvchi uchun 5-6 nafar o‘qituvchining sarson bo‘lishi noqulaylik tug‘diradi, — dedi boshqarma bo‘lim boshlig‘i Q.Saidov. — Shuningdek, o‘quvchilar hayotini xavf ostida qolishining oldini olish uchun transport masalasini qayta ko‘rib chiqish yoki tuman markazlarida maktab-internatlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.

Onlayn yig‘ilishda Xalq ta’limi vazirligining stat.uzedu.uz elektron portaliga umumta’lim muassasalarining yangi o‘quv yiliga tayyorligi, maktablarda amalga oshirilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlarining holati bilan bog‘liq ma’lumotlarning kiritib borilishi holati bo‘yicha har bir xalq ta’limi bo‘limi mudiri ogohlantirildi.

Qayd etilgan masalalar, ko‘tarilgan muammolar yuzasidan aniq topshiriqlar berilib, vazifalar belgilandi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.