Jomboydagi yangi korxonalarga press-tur
Kecha jurnalist va blogerlar uchun Jomboy tumaniga press-tur tashkil etildi.
Investitsiya dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar va eksportyor korxonalar faoliyati bilan tanishtirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda birinchi manzil "Milk Vill" mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonasi bo‘ldi.
Bu yerda sutni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Qiymati 24 milliard 950 million so‘m bo‘lgan mazkur loyiha ishga tushgach, 25 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Korxonada hozircha quruq va quyultirilgan sut hamda sariyog‘ tayyorlanmoqda. Yaqinda muzqaymoq ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
- Tumanda 2 ta kichik sanoat zonasi mavjud bo‘lib, har birida 40 tadan korxona faoliyat olib boradi, - deydi tuman hokimi Qayum Sobirov. - Bu sanoat zonalari hududini zamonaviy ko‘rinishga keltirish uchun loyiha ishlab chiqilgan. Bu yerga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarni taklif qilyapmiz. Yana ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari tumandagi 3 ta ishga tushgan korxona hamda 1 ta amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha bilan tanishdi.
Tadbirdan so‘ng tuman hokimi ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).