Jomboyning bir qator mahallalaridan ham Samarqand shahriga avtobus yo‘nalishi tiklandi
Avvalroq Toyloq tuman markazidan Samarqand shahrining Hazora boshbekatigacha avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqda xabar berilgandi. Viloyat transport boshqarmasi xabariga ko‘ra, Jomboy tumanining bir qator mahallalaridan ham Samarqand shahriga yo‘nalish qayta tiklangan.
“Bundan bir yil muqaddam, 2022 yilning mart oyiga qadar Jomboy tumanining No‘sh, To‘qqizboy, Tut mahallalari aholisi jamoat transportidan foydalanar edi. Biroq, turli xil sabablar bilan hududni Samarqand shahri bilan bog‘lovchi yo‘nalishdagi avtobuslar harakati to‘xtab qolgan. Buning oqibatida hududda transport muammosi kelib chiqib, yo‘l kira narxlarining sezilarli darajada oshib borganligini aholining murojaatlaridan bilib olish mumkin. Endilikda mazkur yo‘nalish qayta tiklandi”, deyiladi boshqarma xabarida.
Yo‘nalishdagi avtobuslar harakati Samarqand shahridagi Siyob bozori orqali Shohi Zinda avtoboshbekatida yakunlanadi. Yo‘nalish uzunligi 18 kilometr bo‘lib, yo‘l kira narxi umumiy masofaga 3000 so‘mni tashkil qiladi.