Joniga qasd qilgan qizning onasi chet elda bo‘lmagan

Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandda 15 yoshli qiz o‘zini osdi. Uni ta’ziyasiga ota-onasi chet davlatda ishda bo‘lganligi sababli qatnasha olishmadi” sarlavhasi ostida xabar tarqaldi.

Ma’lum bo‘lishicha, Paxtachi tumanining Istiqbol mahallasida yashovchi 4-umumta’lim maktabining 8-“A” sinf o‘quvchisi M.Sh. o‘zi yashab turgan uyning yerto‘lasida o‘zini osib, joniga qasd qilgan.

M.Sh. onasi M.X. bilan birga buvisining uyida yashagan. Ota-ona ajrashib ketgan. M.Sh. otasi M.B. bilan yashamagan. Onasi M.X.ning aytishicha, marhumaning otasi hozirda Turkiya davlatida yashaydi.

Paxtachi tumani prokuraturasining xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqidagi xatiga asosan 2019 yil 21 sentyabr kuni Paxtachi tumani XTB psixologi  M.Rashidova va Narpay tumani XTBga qarashli 50-umumumiy o‘rta ta’lim maktabi amaliyotchi psixologi A.Xolmatovlar marhuma M.Sh.ning otasini qattiq sog‘inishi va stress holatga tushib qolishi natijasida o‘z joniga qasd qilgan, degan xulosaga kelishgan.

Aniqlanishicha, M.Sh. sinfdoshlariga mehribonligi, mehnatsevarligi, xushmuomalaligi uchun maktab rahbariyati va sinfdoshlari o‘rtasida alohida hurmat orttirgan. Maktabda “Yosh kitobxon” va rus tili to‘garaklariga qatnashgan. M.Sh. fe’l atvoriga ko‘ra, doim og‘ir, g‘amgin (melanxolik) kayfiyatda bo‘lgan. Onasining yolg‘iz farzandi, otasiz tarbiyalangan.

M.Sh. 17 sentyabr kuni maktabga kelmagan. Uning 2 soat darsdan javob olib ketganligi noto‘g‘ri. Shuningdek, uning onasi M.X. 3 yildan buyon chet elga chiqmasdan qizi bilan birga yashagan va uning ta’ziyasida ishtirok etgan.

Paxtachi tumani hokimligi axborot xizmati.